Vatanni sevmoqlik imtihondir bu
Vatan va ona haqida yolgʻon soʻz aytish mumkin emas.
Vatan va ona haqida yolgʻon soʻz aytish mumkin emas. Vatanni kuylamoq, uni tarannum etmoq har bir ijodkor uchun buyuk saodat va chinakam qahramonlikdir. Ming shukrki, necha ming yillar osha oʻzbek adabiyotida Ona Vatan madhi yuksak pardalarda chin va samimiy soʻz yogʻdusida munosib tarannum etib kelinadi. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bugundan eʼtiboran Vatan madh etilgan eng sara sheʼrlarni taqdim etib boradi.
* * *
Vatanni sevmoqlik...
Sen Vatan haqida berma koʻp savol,
Lof urma Vatanning muhabbati deb.
Uni mansab kabi aylama xayol,
Yoxud maʼruzangga emasdir u zeb.
Vatan tanangdagi jondir, qondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Bu ulugʻ sevgida ilohiylik bor,
Vatanni chin farzand faromush etmas.
Menga oʻz tuygʻumni oʻrgatma zinhor,
Inchunin, kibrning bozori oʻtmas.
Rost gapni yolgʻondan farqlar ondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Asl qahramon kim yorugʻ dunyoda?
Gʻoyasin taʼmaga almashmagan zot.
Chugʻurchuq koʻpaysa haddan ziyoda,
Burgut boʻlib yashash oliy mukofot.
Qul ham yurtin sevsa shohdir, xondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Garchi koʻhna zamin umum makondir,
Insonning har joyda yonsin chirogʻi.
Moʻjaz boʻlsa hamki, kulbang oshyondir,
Ona dargohidek uning quchogʻi.
Sen uchun poyonsiz kahkashondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Azal musofirdir dunyoda odam,
Ruhim garchi sobit, muallaq tanim.
Bir umr qoʻyningda muqim tursam ham,
Sogʻinib yashadim seni, Vatanim.
Mehr bir, nafrat ham bir tomondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Mayli suymasinlar meni gʻanimlar,
Yoʻlimni toʻssinlar raqiblar hatto.
Vatan har qayda ham mayoqdek imlar,
Gʻururim yuksalar samogacha to.
Hech kimga berguvsiz dovrugʻ, shondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
***
Men nechun sevaman Oʻzbekistonni
Men nechun sevaman Oʻzbekistonni,
Tuprogʻin koʻzimga aylab toʻtiyo.
Nechun vatan, deya yeru osmonni,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida dunyoda tanho nima bor?
Paxta oʻsmaydimi oʻzga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku, butun Osiyo.
Men nechun sevaman Oʻzbekistonni,
Bogʻlarin jannat, deb koʻz-koʻz etaman.
Nechun ardoqlayman tuprogʻini men,
Oʻpaman: “Tuprogʻing bebaho, Vatan!”
Aslida tuproqni odil tabiat,
Taqsim aylagan-ku, yer yuziga teng.
Nechun bu tuproq, deb yigʻladi Furqat,
O, Qashqar tuprogʻi, qashshoqmiding sen?
Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?
Sababini aytgin, desalar menga.
Shoirona, goʻzal soʻzlardan oldin,
Men taʼzim qilaman ona xalqimga.
Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan boʻlsaydi,
Qorliklarni makon etgan boʻlsayding,
Mehrim bermasmidim oʻsha muzlarga?
Vatanlar, Vatanlar, mayli, gullasin,
Bogʻ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring chun
Sevgan farzand boʻlsa, kechirma aslo!
Oʻzbekiston
Yurtim, senga sheʼr bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, oʻz yurtin butun —
Olam aro atagan tanho.
Ular sheʼri uchdi koʻp yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir oʻlka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
Oʻtirmasman ertaklar soʻzlab,
Musallo deb yoʻnmasman qalam.
Koʻklamingdan olib sururni,
Dovrugʻ soldi ustoz Olimjon,
Gʻafur Gʻulom tuygan gʻururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilgʻay olmas barchasin koʻzim.
Maqtamasman moziyni biroq,
Oʻtmishingni oʻylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi magʻrur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan soʻz ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tugʻilgan ilk bor
Koʻragoniy jadvallarida.
Qotil qoʻli qilich soldi mast,
Quyosh boʻlib uchdi tilla bosh.
Doʻstlar, koʻkda yulduzlar emas,
U - Ulugʻbek koʻzidagi yosh.
Yerda qolgan, o, tanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Koʻz oldimdan kechar asrlar,
Koʻz-koʻz etib nuqsu chiroyin.
Sarson oʻtgan necha nasllar,
Topolmasdan tugʻilgan joyin.
Amerika — sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mashʼali.
Kolumbda bor alamim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Koʻp jahongir koʻrgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh yer osti.
Lekin, doʻstlar, sheʼr ahli aro
Jahongiri kam boʻlar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sheʼr.
Temur tigʻi etmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo boʻldi chamanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan soʻzladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk:
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, oʻzingsan buyuk.
Sen oʻzingsan, eng soʻnggi nonin
Oʻzi yemay oʻgʻliga tutgan.
Sen oʻzingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab oʻtgan.
Ona xalqim, jon-tanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Bosh ustingdan oʻtdi koʻp zamon,
Oʻtdi Islom, oʻtdi Zardushti.
Har uchragan nokasu nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni Chingiz gʻazabga toʻlib
Yoʻqotmoqchi boʻldi dunyodan.
Jaloliddin samani boʻlib
Sakrab oʻtding Amudaryodan.
Sensan oʻshal samanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq boʻlib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon boʻldi qora tunlaring.
Qonga toʻlgan kafanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Lekin oftob poyimol oʻlmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam — haq bor, begʻaraz,
Mazlumlarning buyuk gʻamxoʻri.
Qilich serpab tole tongida
Oʻzligingni tanib qolding sen.
Oʻgʻlonlarning qatra qonida
Oʻzbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlugʻ gulshanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Tinch turarmi bu koʻhna olam,
Tinch turarmi dogʻuli zamon.
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Dansigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chogʻda.
Lekin, yurtim, kezolmas gʻanim.
Oʻzbekiston atalgan bogʻda.
Sen-ku, nomus va shaʼnim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Kech kuz edi, men seni koʻrdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangtoʻsh, yayov.
— Tashqarida izillar yomgʻir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: — Paxtam, qoldi-ku axir,
Yigʻishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Sen ketarsan balki yiroqqa,
Fargʻonada balki, balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Choʻpon boʻlib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek toʻlib,
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla boʻlib,
Sahrolarda ochajakson kon.
Tuprogʻi zar, maʼdanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qoʻysang ham qadam,
Oʻzligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon oʻlkam.
Bir oʻgʻlingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni koʻroldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, shoʻx-shanim manim.
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
Zavol koʻrma hech qachon, oʻlkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar boʻl, gʻolib boʻl, oʻktam,
Doʻstu yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulugʻ bashar oilasida
Mangu yorugʻ peshonang sening.
Mangu yorugʻ maskanim manim,
Oʻzbekiston, Vatanim manim.
ABDULLA ORIPOV,
Oʻzbekiston Qahramoni,
Oʻzbekiston xalq shoiri.