Vatanga sadoqat – oliy burch!
Qarshi shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy qismida 2026-yilgi chaqiruv asosida xizmatga qabul qilingan bir yillik harbiy xizmatchilar uchun tantanali Harbiy qasamyod marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda yosh askarlar Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga, uning mustaqilligi, suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini himoya etishga qasamyod qildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutasaddilar harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli ekanini alohida ta’kidlab, yosh xizmatchilarga yuksak intizom, fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilish zarurligini uqtirdi.
[gallery-28924]
Unda viloyat hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, harbiy qasamyod – har bir harbiy xizmatchining Vatan oldidagi muqaddas burchini anglash, xalq tinchligi va yurt osoyishtaligini himoya qilish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini namoyon etuvchi muhim bosqichdir.
Tadbir yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri