Vatanga qasamyod
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab Vatanga qasamyod tadbirlari o‘zgacha ko‘tarinki ruh va yuksak vatanparvarlik kayfiyatida bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimiz sarhadlarini qo‘riqlashdek sharafli va mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olayotgan yosh posbonlar uchun bu kun umrbod xotirada qoladigan tarixiy lahzaga aylandi. Bayramona harbiy liboslarda, qadlarini tik tutib saf tortgan chegara himoyachilari yurt tinchligi, musaffo osmon va osoyishta chegaralarimiz kafolati bo‘lishga tantanali ravishda qasamyod qilmoqdalar. Har bir o‘g‘lonning ovozida yigitlik g‘ururi, qalbida esa ona yurtga bo‘lgan cheksiz sadoqat tuyg‘usi namoyon.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda bo‘lib o‘tgan tadbirda ta’kidlanganidek, Vatanga qasamyod bu shunchaki so‘zlar yig‘indisi emas, balki yigitlik sha’ni va nomusini o‘rtaga qo‘yib beriladigan muqaddas va’dadir.Ushbu shodiyona nafaqat askarlar, balki ularning ota-onalari va yaqinlari uchun ham hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. O‘z farzandining kamolini ko‘rish, uning shahdam qadamlar bilan mag‘rur yurishiga guvoh bo‘lish har bir ota-ona uchun cheksiz baxt.
Ota-onalarning yuzidagi quvonch Jizzax, Namangan, Navoiy, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlaridan yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilarning ruhini yanada ko‘tardi. Yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi yosh chegarachilar qalbida Vatanga xizmat qilish hissini yanada mustahkamladi.
[gallery-28847]
Vatan himoyasidek muqaddas burchni bajarishga kirishayotgan bu pahlavon o‘g‘lonlar o‘z zimmalaridagi mas’uliyatni sharaf bilan ado etishlariga ishonch bildirildi. Zero, chegaralarimiz mard va jasur o‘g‘lonlar qo‘lida ekan, yurtimiz tinchligi barqaror bo‘lib qolaveradi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.