Vatanga qasamyod – muqaddas burch
Vatanga sitqidildan xizmat qilish O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, muqaddas majburiyatga, ayni chog‘da nufuzli kasbga aylandi.
Milliy armiyamizni professional asosda shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli yoshlarimizda harbiy xizmatga bo‘lgan intilish tobora yuksalmoqda.
DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi harbiy qismlardan birida o‘z xizmat burchini o‘tayotgan yigitlar yuz-ko‘zida ham ana shunday mamnunlik, faxr tuyg‘ulari porladi. Shodiyonaga aylangan navbatdagi Vatanga qasamyod qabul qilish tadbiri ularni mas’uliyat bilan o‘z yurtiga xizmat qilishga undaydi.
Tantanali tadbirga respublikamizning turli hududlaridan ota-onalar va mehmonlar jam bo‘ldi. Muddatli harbiy xizmatchilar ona yurtimiz daxlsizligi, xalqimiz tinchligini himoya qilishga, mustaqillikni mustahkamlashga, sarhadlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrashga tantanali qasamyod qildi.
Bu lahzalarni kuzatib turgan ota-onalar ko‘zida quvonch, shodlik balqdi, farzandlarini iftixor bilan olqishladi. Harbiy orkestr ohanglari ostida maydonga (jangovar) Davlat bayrog‘i olib kirildi. Shaxdam qadamlar bilan saf tortib o‘tgan yigitlar sarhadlarimiz daxlsizligi mustahkam ekanini ifoda etdi. So‘zga chiqqanlar milliy armiyamizni modernizatsiya qilish, uning salohiyati va jangovar tayyorgarligini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani, Vatanimiz sarhadlarini himoyalashda harbiy qismlarning safarbarlikka doimiy ravishda tayyorligi va harakatchanligi oshayotganini qayd etdi. Harbiy qasamyod – mard o‘g‘lon lafzi. Ahdiga sodiq o‘g‘lonlar va ularning ota-onalari buni tadbir davomida chuqur his etdi.
– O‘g‘limning ulg‘ayganini his etdim, qalbim faxrga to‘ldi, g‘ururlandim, – deydi askar onasi Gulchiroy To‘rayeva. – Yigitlik burchini o‘tayotgan yigitlar orasida farzandim borligidan juda xursandman. Har bir ona farzandi el-yurt koriga yarasin, deb niyat qiladi. O‘g‘lim, farzandim kabi o‘g‘lonlar biz, ota-onalarning yuzini yorug‘ qilishiga ishonaman.
Harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Namunali xizmat o‘tayotgan bir guruh yigitlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyoz taqdim etuvchi tavsiyanoma topshirildi. Bayram tadbirida konsert dasturi namoyish etildi.
B.Meliqulova, O‘zA