Vatandoshlar quvonchi
Ikki qardosh davlat – O‘zbekiston va Turkiya vazirliklari hamda tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-yanvar kuni Anqara shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida yanada faollashdi. Ma’lumki, tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan muzokara o‘tkazdi. Kutilganidek, nisbatan qisqa muddat ichida ushbu rasmiy tashrifning amaliy natijalari namoyon bo‘la boshladi.
Turkiyada mehnat faoliyatini olib borishni istagan O‘zbekistonliklar uchun yana bir muhim qulaylik yaratildi: ishlash ruxsati tartibi o‘zgartirildi.
2026-yil 1-martdan boshlab Turkiya hududida kamida uch yil davomida uzluksiz yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash ruxsatnomasi berila boshlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qaror agentlik rahbari Behzod Musayev hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Vedat Ishikxan o‘rtasida erishilgan kelishuv asosida amalga oshirilmoqda.
Avvalgi tartibga muvofiq, xorijliklar Turkiyada ishlash ruxsatnomasini olish uchun ish beruvchi topishi, konsullik orqali maxsus ish vizasini rasmiylashtirishi va elektron tizim orqali tasdiq jarayonidan o‘tishi lozim edi. Yangi tartib esa mamlakatimiz fuqarolari uchun ayni jarayonni sezilarli darajada soddalashtirdi va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni olib tashladi.
Muzokara doirasida tomonlar Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligiga qarashli İŞKUR tomonidan mehnat bozorida talab eng yuqori bo‘lgan kasblarni markazlashgan tarzda belgilash hamda ushbu ehtiyoj haqida O‘zbekiston tomoniga rasmiy axborot taqdim etishni nazarda tutuvchi alohida hujjat imzolashga ham kelishgan edilar.
Mas’ullar ta’kidlashicha, masalaga bunday yondashuv mehnat muhojirlari huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularni rasmiy mehnat bozoriga jalb etish va ijtimoiy kafolat ta’minlanishiga qaratilgan. Shubhasiz, mazkur kelishuv qardosh yurtda mehnat qilayotgan, ishlashni rejalashtirayotgan hamyurtlarimiz uchun anchadan beri kutilgan muhim yangilikdir.
Istanbul shahrida 10 yildan buyon yashayotgan Sabo Ma’rufjonova ham ushbu qulaylikni quvonch bilan qabul qildi.
– 10 yildan beri oilam bilan shu yerda yashayman, – deydi u. – Yashashga huquqimiz bo‘lsa-da, ishlash uchun ruxsat (çalışma izni) ololmaganim sababli davlat idoralarida rasman faoliyat yuritish imkoniga ega emas edim. Muhtaram Prezidentimizning Turkiyaga navbatdagi tashrifi haqidagi xabarni eshitib, juda quvondim. Ich-ichimdan bu gal yurtdoshlarimiz uchun albatta muhim yangilik bo‘lishini his qilgandim. Ko‘nglim sezgan ekan. Bu kelishuvdan ko‘pchilik xursand bo‘ldi. Hukumatimiz va Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
Sabo Ma’rufjonovaning fikricha, yangi tartib nafaqat ishlash imkoniyatini kengaytiradi, balki inson qadrini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
– Muhimi, endi o‘zimizga ishonch paydo bo‘ladi, – deya so‘zini davom ettirdi hamyurtimiz. – Qonuniy ishlash huquqi bo‘lsa, kelajak uchun reja tuza olamiz. Farzandlarimiz ta’limi, uy-joy masalasi, ijtimoiy himoya – barchasi barqarorlashadi. Bu nafaqat biz, balki Turkiya jamiyati uchun ham foydali. Biz xorijda o‘zimizni yolg‘iz his qilmaymiz. Davlatimiz biz haqimizda qayg‘urayotganini ko‘rib turibmiz. Mana shu – eng kuchli madad. Ishonamizki, bunday qadamlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlaydi.
Darhaqiqat, ushbu yangilik yurtdoshlarimiz tomonidan yangi imkoniyat, qonuniylik, barqarorlik va ijtimoiy himoya ta’minlanishi sari qo‘yilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Nodira Kayimova, O‘zA