Vatan sha’ni xalq zakosida
Aks-sado
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida kuni kecha Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat texnika universiteti rektori, doktor Chidem Janbay Turkyilmazning “Yangi O‘zbekistonni kashf etib: ta’lim, taraqqiyot va xalqaro hamkorlik” nomli maqolasini o‘qib, ochig‘ini aytsam, g‘ururlandim.
Birinchidan, bu rahbar ayolning O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga muhabbati nihoyatda samimiy aytilgan.
Ikkinchidan, бирга faoliyat ko‘rsatayotganligim uchun olimaning soha taraqqiyoti uchun jonkuyarligini ko‘rib turibman.
Uchinchidan, maqoladagi har bir samimiy e’tirof biz, o‘zbekistonliklar uchun ibrat bo‘lmog‘i lozim. Mamlakatimizda yuz berayotgan buyuk o‘zgarishlar, qolaversa, ongu shuurimizdagi evrilishlarni sezishni ham o‘rganishimiz kerak.
Kamina YUNESKO ekspertlari bilan ishlash chog‘ida ulardan ham Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ibratli ishlar haqida eshitganimda ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. Darvoqe, mahalliy xomashyoni qayta ishlash, raqamlashtirishni chuqurlashtirish, shahar va qishloq o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotish, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, eng muhimi, qurilish sohasidagi yutuqlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgani bejiz emas. Chunki davlatimiz rahbari xalqimizning bunyodkor, mehnatkash, bilimdon ekanligini o‘z hayoti misolida dunyo jamoatchiligiga isbotlab bera oldi. Zamonaviy yangi g‘oyalar xorijlik sarmoyadorlarni ham O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlashga chorlamoqda. Deyarli har oyda bir viloyatda yirik sanoat korxonasining ishga tushirilishi ilmiy va texnologik salohiyatimizning ko‘zgusidir. Chunki uni o‘zbekistonlik mutaxassislar barpo etmoqda.
Men bir necha yildirki, Farg‘ona vodiysidagi viloyatlarda obidalarni ta’mirlash, yangi istirohat bog‘lari va ma’rifiy markazlar loyihalarini yaratishda ishtirok etyapman. Davlatimiz rahbari tashrifi chog‘ida har bir loyihani sinchiklab o‘rganib, uning zamonaviyligi barobarida xalqimiz uchun foydasi tegadigan tomonlariga e’tibor berishimiz kerakligini ta’kidlaydi. Har bir inshootda aql-zakovat, ilm sezilib turishini talab qiladi. Shu sababli ham Quva, Qo‘qon, Farg‘ona va boshqa shaharlardagi, hatto chekka tumanlardagi inshootlar xalqning chinakam intellektual qudratini namoyish qilib turibdi. Bunga Xorazmda kuni kecha davlatimiz rahbari borib ko‘rgan yirik ob’ektlarni ham qo‘shish mumkin.
Demoqchimanki, Vatan sha’ni unda yashayotgan xalqning zakovati, bilimi, ezgu fazilatlari bilan yaratiladi. Biz ana shunday ulug‘ jarayonni boshdan kechiryapmiz. Quvonchlisi shundaki, bu ishda Prezident Shavkat Mirziyoyev barchamizga ibrat ko‘rsatmoqda. Joylarda esa o‘zbekistonlik mutaxassislar, o‘zimizda va xorijda ta’lim olgan iqtidorli yoshlar mo‘’jizaviy ixtirolarga qo‘l urmoqdalar. O‘zbekiston bag‘rida yaratilayotgan shaharchalar, maskanlar, osmono‘par binolar bugun manaman degan davlatdagidan avlo bo‘lsa avloki, kam emas. Buni turli davlatlardan tashrif buyurib, tajribamizni o‘rganayotgan mutaxassislar ham isbotlab turibdi.
Darvoqe, globallashuv jarayonida juda katta xalqaro loyihalarda o‘zbek mutaxassislarining ishtirok etayotganligi ham xalqimiz zakovatining e’tirofi deb bilaman.
Kamol RAHIMOV,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat texnika universiteti professori, texnika fanlari doktori.
O‘zA