“Vatan ishqin qalbiga jo etgan Bobur”
Andijonda viloyat hokimining tashabbusi bilan fevral – “Zahiriddin Muhammad Bobur oyligi” deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan ayni kunlarda viloyatning barcha hududlarida, mehnat jamoalari, mahallalar, ta’lim muassasalarida shoh va shoir, olim Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filialida tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmalari viloyat bo‘limlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Vatan ishqin qalbiga jo etgan Bobur” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda yozuvchilar, jurnalistlar, filial xodim va ishchi-xizmatchilari ishtirok etdi.


Tadbirda so‘z olgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali rahbari o‘rinbosari Shahnoza Homidova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Farid Usmon hamda boshqalar shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, faoliyati, ijodi, o‘ziga xos qirralari xususida gapirdi.


Ayniqsa, Vatan ishqi, vatan sog‘inchi bilan yashagan, ushbu mavzuni ijodining bosh mavzusiga aylantirgan ulug‘ shoirning g‘azal va ruboiylari haqida alohida so‘z yuritildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali tomonidan mavzu doirasida tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Boburning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.

Tadbir so‘nggida ijodkorlar filial kutubxonasiga o‘zlarining yangi kitoblaridan sovg‘a qildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari