Vatan himoyasi – sharafli va muqaddas burch
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Termiz umumqo‘shin dala poligonida harbiy xizmatchilar va Termiz tumanidagi mahallalarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlar ishtirokida “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida harbiy vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.
Prezidentimizning joriy yil 19yanvardagi “Mahallada yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini doirasida tashkil etilgan tadbirda 600 nafardan ortiq uyushgan va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.


Festivalning tantanali ochilish marosimida Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev so‘nggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida yuz bergan yangilanishlar Vatanimiz tinchligi va sarxadlarimiz daxlsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Armiya bilan xalq yakdil bo‘lgan yurtda hamisha hayot osuda, turmush obod va yoshlar kelajagi yanada porloq bo‘lishi haqida fikr yuritdi.

Yoshlar uchun taassurotlarga boy bo‘lgan festivalda harbiy qismlardagi zamonaviy texnika va qurol-yarog‘lar hamda faxriy qoravul chiqishlari namoyish etildi. Sportsevar yigit-qizlar o‘rtasida kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, havo miltig‘idan nishonga qarata o‘q uzish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa g‘oliblari Termiz tuman hokimligi va Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘ining esdalik sovg‘alari, faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.


–Vatanni himoya qilish, uning bir hovuch tuprog‘ini ham asrab-avaylash hamisha sharafli va muqaddas burch sanalgan, – deydi Termiz garnizoni III darajali serjanti Akbar Ahmedov.– Mazkur festival ham yoshlar ongu-shuurida ana shunday yuksak tuyg‘uni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Dala-o‘quv maydonida harbiylar hayoti bilan yaqindan tanishgan ko‘plab uyushmagan yoshlar qalbida Vatan himoyachi bo‘lishga havas va ishtiyoq o‘yg‘ondi.


Tadbir yakunida “Qurbonov Jo‘rabek” savdo xususiy korxonasi oshpazlari bayramona dasturxon yozib, ishtirokchilarni milliy taomimiz–osh bilan mehmon qildi.
El suygan baxshilar ijro etgan terma va xalq dostonlaridan parchalar, san’atkorlarning dilrabo kuy-qo‘shiqlari barchaga quvonch ulashdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri