Vatan fidoyi farzanlarini unutmaydi
Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida Janubiy operativ qo‘mondonligi va Surxondaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi!” shiori ostida istiqlol yillarida Vatanimiz osayishtaligi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xonadonida bo‘lib, ularning oila azolari xolidan xabar olmoqda.
Eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabriklab, sovg‘a-salomlar ulashmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri 2000 yillarda Sariosiyo tumanining tog‘li hududlaridagi jangovar harakatlarda qahramonlik ko‘rsatgan Termiz tumanilik marxum serjant Muhiddin Eshtemirov xonadonida ham bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi, mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi, viloyat mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi mutasaddilari, nuroniy otaxon va onaxonlar, mudofaa ishlari boshqarmasining chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxasisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi chaqiriluvchilari ishtirok etdi.

O‘shanda Sariosiyo tumanining tog‘li hududlarida noma’lum qurollangan shaxslarning harakatlari haqida ma’lumot olingach, serjant M.Eshtemirov xizmat qilayotgan bo‘linma shaxsiy tarkibiga jangovar vazifa qo‘yildi. Muhiddin qaltis vaziyatda razvedka-qidiruv harakatlarini olib bordi. Vaziyatning jiddiyligidan o‘ta sergaklik bilan harakat qildi, atrofni sinchkovlik bilan kuzatdi. Pistirmaga duch keldi. Terrorchilar bilan jangga kirishib, ikki jangarini yer tishlatdi. Pistirma tomon qo‘l granatasini uloqtirib, pistirma haqida safdoshlariga xabar berishga ulgurib qoldi. Qisqa muddat kechgan otishmada serjant Muhiddin Eshtemirov jasorat ko‘rsatib, mardlarcha halok bo‘ldi.

Vatan uchun mardlarcha jon fido qilgan jangchining ko‘rsatgan qahramonligi vafotidan so‘ng davlatimizning yuksak mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 10,15,20 yil”, “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil”, “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari bilan mukofotlandi. Tinchligimiz posboni ulg‘ayib, voyaga yetgan mahallaga Muhiddin Eshtemirov nomi berildi.
Muhiddin ta’lim olgan maktabda uning qahramonligi aks etgan burchak tashkil qilingan. Harbiy qismlarda qasamyodiga sodiqligi o‘z ifodasini topgan surat va lavhalar yosh harbiylar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘tamoqda.

Muhiddin Eshtemirov kamolga yetgan xonadonda uning ana shunday mardonavor harakatlari esga olinib, porloq xotirasi yod etildi. Onasi Manzura momo qahramon o‘g‘lining bolalik, o‘spirinlik va yigitlik davridagi ibratli hayoti haqida hikoya qilib berdi.
– Siz dunyodagi eng baxtli onalardan birisiz, – dedi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Ilhom Qambarov. – Barcha onaxonlar sizga havas bilan qaraydi. Chunki, suyukli jigaringiz Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan. Uning bu fazilati biz, harbiylar va yoshlar uchun o‘rnak bo‘ladi.

Tadbirda I.Qambarov Manzura momoni mustaqilligimizning 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, Mudofaa vazirligining 2 million so‘m pul mukofotini, viloyat hokimligining sovg‘alarini topshirdi.
Shu kuni viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi xodimlari va Termiz shahar hokimligi vakillari harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan viloyat markazidagi Bog‘ishamol mahallasida yashovchi ikkinchi guruh nogironi, katta leytenant Ne’matulla Djo‘rayev xolidan ham xabar olib, harbiy pensionerga oziq-ovqat mahsulotlari va qo‘ltiq tayoq topshirdi.
Xolmin MAMATRAYIMOV,
O‘zA