Vashington Ukrainaga NATO orqali qurol beradi
AQSH Prezidenti Donald Tramp "NBC News" telekanaliga bergan intervyusida Ukrainaga NATO orqali qurol yetkazib berish taklifini ilgari surdi.
«Biz NATO qurolini yuboryapmiz va bu xarajatni Alyansning o‘zi to‘liq qoplaydi», — degan Amerika yetakchisi. Hozircha "Patriot" rusumli va o‘rta masofaga uchadigan raketalardan iborat, taxminan, 300 million dollarlik to‘plam nazarda tutilgan.
Shuningdek, Tramp dushanba kuni Rossiya bilan bog‘liq muhim bayonot berishini e’lon qilgan. Gap nima haqda ekanini esa aniqlashtirmadi. Darvoqe, so‘nggi kunlarda AQSH rahbarining Vladimir Putinga nisbatan munosabati o‘zgargani sezilyapti.
RF tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov "RIA Novosti" agentligiga "Tramp ma’muriyatining ayrim masalalarga yondashuvi noaniq esa-da, Rossiya - Amerika munosabatida ijobiy o‘sish davom etayotgani"ni aytgan.