Vashington bilan kelishuv Kuba uchun falokatdan qutulishning yagona yo‘limi?
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSH maxsus kuchlari tomonidan ag‘darilgandan so‘ng Vashington Kubaga ham kuchini ko‘rsata boshladi. Ayni payt orolga nisbatan qo‘llanayotgan neft qamali mamlakatni gumanitar inqiroz yoqasiga keltirib qo‘ydi.
“Foreign Affairs” nashri yozishicha, Gavana Venesueladan arzon neft olish imkonini yo‘qotdi. AQSHning keskin sanksiyasi, pandemiya oqibati va ichki islohot muvaffaqiyatsizligi bilan birga, kundalik elektr uzilishi tufayli asosiy davlat idoralari faoliyati falaj holatga keldi.
May oyida Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff Gavanaga tashrifi chog‘ida Kuba rahbarlari oldiga Rossiya va Xitoy bilan xavfsizlik aloqalarini uzish, jumladan bu ikki davlatning aloqa stansiyalarini yopish talabini qo‘ydi. Bundan tashqari AQSH Raul Kastroga qarshi federal ayblov e’lon qilish orqali ehtimoliy harbiy aralashuv uchun huquqiy asos yaratdi.
Oq uy bilan bitim Gavana uchun yagona oqilona yo‘ldir. Kelishuvning asosiy rejasi bosqichma-bosqich imtiyoz taklif qilish bilan bog‘liq. Bu jarayon qonunlarni liberallashtirish, siyosiy mahbuslarni ozod qilish, harbiylarning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish uchun keng ko‘lamli bozor islohotini o‘tkazish hamda o‘tgan asr 50-yillarida musodara qilingan Amerika mulki uchun tovon to‘lashni nazarda tutadi. Buning evaziga Vashington Kubani terrorizmning homiy davlatlari ro‘yxatidan chiqarib tashlaydi, xorijiy kompaniyalarga qarshi ikkilamchi sanksiyani bekor qiladi va orolning vayron bo‘lgan infratuzilmasiga keng ko‘lamli investitsiya kiritadi.
Kuba siyosiy elitasi AQSHning Eron bilan mojaroga chalg‘ib ketishidan umid qilib, vaqtni cho‘zishga harakat qilyapti.
Maqola mualliflari “Kuba rahbarlari oldinga siljish yo‘lini milliy omon qolish emas, balki inqilobiy qadr-qimmat masalasi sifatida ko‘rsa, keyin hammasi yomonlashishi ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi, deya ogohlantirmoqda.
Yana bir yirik nashr “The Wall Street Journal” yozishicha, iqtisodiy inqiroz davrida xorijiy biznes, yirik xalqaro kompaniyalar Kubani ommaviy ravishda tark etmoqda.
Oroldagi xorijiy fuqarolar uchun “Mastercard” va “Visa” kartalari bo‘yicha amaliyot 6-iyundan to‘xtagan. Ispaniyaning “Melia” va “Iberostar” mehmonxona tarmog‘i o‘nlab majmualar ustidan nazoratni qo‘ldan chiqarmoqda, Kanadaning “Sherritt International” kompaniyasi esa faoliyat to‘xtashi, xodimlar vataniga qaytarilishini e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, chet ellik sarmoyadorlar Kubada faoliyat yuritish xavfi olinadigan foydadan yuqori, degan xulosaga kelgan.
Biznes chiqib ketishi Vashingtonning Kubadagi harbiylar bilan bog‘liq sub’ektlarga qarshi sanksiyasi, energetika inqirozi, yonilg‘i tanqisligi va milliy iqtisodiyot muntazam kuchsizlanishi sharoitida sodir bo‘lmoqda.
Kubadagi ahvol kuni kecha Prezident Donald Trampning “Eron masalasi hal bo‘lgandan keyin Kuba bilan shug‘ullanishi” haqidagi tahdidi olovga moy sepgandek, vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin.
Venesuelaning “Versin Final” gazetasi yozishicha, ayni payt hukumat aholiga AQSHning ehtimoliy bosqiniga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qilgan.
– Orol yaqinida AQSH harbiy kuchlari joylashtirilishi asnosida Gavana hukumati aholiga qurol tarqata boshladi va odamlarni yaqinlashib kelayotgan xorijiy bosqinga tayyorgarlik ko‘rishga rasman chaqirdi, – deyilgan maqolada.
Shuningdek, davlat idoralari va tashkilotlari orol atrofida keskinlik kuchayishi bilan bog‘liq favqulodda choralarni muhokama qilayotgani ta’kidlangan.
S.Rahimov, O‘zA