Varaxsha — tariximizning betakror merosi
Buxoro viloyatining Jondor tumani hududida joylashgan Varaxsha arxeologik yodgorligi mamlakatimiz madaniy merosining eng nodir va qimmatli namunalaridan biri hisoblanadi. Asrlar davomida o‘z bag‘rida boy tarixni saqlab kelayotgan mazkur obida nafaqat Buxoro vohasining, balki butun O‘zbekiston sivilizatsiyasi va davlatchiligi tarixini o‘rganishda muhim manba sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda bunday noyob meros ob’ektlarini asrab-avaylash, ularni ilmiy jihatdan tadqiq etish va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinov Buxoro viloyati Jondor tumanida joylashgan Varaxsha arxeologik tepaligida bo‘lib, mazkur moddiy madaniy meros ob’ektining bugungi holatini o‘rgandi.

O‘rganish davomida yodgorlikni saqlash, muhofaza qilish va uning tarixiy qiymatini kelajak avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, ob’ekt hududidagi infratuzilma holati, tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, turistlar oqimini yanada ko‘paytirish imkoniyatlari hamda madaniy meros ob’ektini asrash bilan bog‘liq mavjud muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, Varaxsha qadimgi Buxoro hukmdorlarining qarorgohlaridan biri sifatida tarixda muhim o‘rin tutadi. Arxeologik qazishmalar natijasida aniqlangan noyob devoriy suratlar, me’moriy qoldiqlar mazkur hududning o‘tmishda yuksak madaniyat va taraqqiyot markazlaridan biri bo‘lganini tasdiqlaydi. Shu bois yodgorlikni muhofaza qilish, uning ilmiy tadqiqotlarini kengaytirish va turistik salohiyatidan samarali foydalanish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

O‘rganishlar yakunida mas’ul tashkilotlar va mutasaddilar ishtirokida ob’ektda aniqlangan muammolarni bartaraf etish, muhofaza choralarini yanada kuchaytirish, infratuzilmani takomillashtirish hamda Varaxshaning tarixiy va turistik jozibadorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Madaniy meros ob’ektlarini asrash va ularni kelajak avlodlarga yetkazish xalqimizning tarixiy xotirasi, milliy o‘zligi va ma’naviy qadriyatlarini saqlab qolishning muhim sharti hisoblanadi. Varaxsha kabi noyob arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish, ularni ilmiy o‘rganish va keng jamoatchilikka tanitish borasidagi ishlar mamlakatimizning boy tarixiy merosini dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri