Vaksinada koronavirus mavjud emas
Xitoyda koronavirus bilan bog‘liq ilk bemor paydo bo‘lganiga ham bir yildan oshdi. Mana shu o‘tgan davrda butun dunyo ahli ushbu virusning tarqalishiga qarshi kurashdi.
Shu jarayonda dunyo olimlari kasallik yuzaga chiqish sabablarini aniqlash, tarqalishiga barham berish va davosini topishga urinmoqda. Muammoning ildizini qidirish jarayonida turli vaksinalar ham yaratildi. Mamlakatlar vaksinani tezroq ishlab chiqarishda hissa qo‘shish uchun katta mablag‘lar ajratdi. Albatta, har bir tadqiqot ortida ma’lum ma’noda iqtisodiy reja bo‘ladi.
Vaksinaning tez ishlab chiqarilishi va sinovga chiqarilishi albatta ko‘plab savollar va taxminlarga sabab bo‘lmoqda. Uning samaradorligiga shubha bilan qarashlar tufayli turli-tuman savollar paydo bo‘layotgani ham haqiqat.
–Tadqiqotlarga ko‘ra, hozir litsenziyaga ega bo‘lgan vaksinalar qariyb 95 foiz samarali bo‘lib, hayot uchun xavfli nojo‘ya ta’sirlarga ega emas, – deydi Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati menedjeri Nasiba Toirova. – “COVID-19” vaksinalari juda tez ishlab chiqilishining ko‘plab sabablari bor. Misol uchun, olimlar vaksinalar ustida ishlashni boshlashlari uchun Xitoy zudlik bilan “COVID-19” haqidagi genetik ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Xitoy vaksinasining qanday ekanini ko‘rish, bilish uchun ham ko‘ngillilarda sinashga davlatimiz rozilik berdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘ngillar jalb etildi va ko‘pchilik “COVID-19” vaksinasi bo‘yicha tadqiqotlarga yordam berdi.
– “COVID-19” bilan kasallangan odamlarni emlash kerakmi?
– Albatta, ular ham emlanadi. Ko‘pchilik kasal bo‘lib o‘tgan ekanman, antitellalar yuqori emas ekan, kabi savollarni berishdi. To‘g‘ri, bu savollar ham asosga ega. Biroq ko‘rib turibsizlar, bu virus mutatsiyaga uchrab, xususiyatlarini o‘zgartirib bormoqda. Kasal bo‘lib o‘tgach, yana shu virusga duch kelasiz, deb hech kim kafolat berolmaydi.
Shuning uchun ham sog‘liq uchun jiddiy xavflar va “COVID-19”ni qayta yuqtirib olish mumkinligi sababli, unga chalinganlar ham vaksina olishlari kerak. Chunki, odam kasal bo‘lganidan keyin tabiiy immunitet qancha vaqtgacha yetadi, degan savolga aniq javob yo‘q. Dastlabki dalillarga ko‘ra, “COVID-19”dan keyingi tabiiy immunitet uzoq davom etmasligi mumkin. Ko‘pgina olimlarning fikriga ko‘ra, emlash tabiiy infeksiyaga qaraganda koronavirusdan yaxshiroq himoya qiladi.
– Bir qator surunkali bemorlar, jumladan, onkologik kasali borlarga emlash tavsiya etilmaydi, degan xabarlar ham tarqalmoqda. Bu qanchalik asosli?
– Bu borada urg‘u berish kerak bo‘lgan joyi, Xitoydan olingan va ko‘ngillilarda kuzatilgan vaksinaning uchinchi bosqichidan onkologik kasali borlar chetlashtirildi. Chunki ko‘ngillilarda sinalayotgan bosqich bu. Lekin hamma tizim tashkilotlariga aholi qatlamining ro‘yxatini shakllantirish vazifasi yuklangan. Ular orasida xavf guruhiga kiruvchilar – diabet, yurak- qon tomir, onkologik kasallarning ham ro‘yxati tayyorlanmoqda. Shuningdek, 65 yoshdan kattalarga ham e’tibor qaratilmoqda.
Klinik tadqiqotlar asosida aytish mumkinki, “COVID-19”ga qarshi vaksinalar xavfsiz va aholi o‘rtasida, shu jumladan, onkologik bemorlar o‘rtasida, koronavirusga qarshi jiddiy himoyani ta’minlaydi. Chunki, onkologik bemorlar “COVID-19”ning og‘ir asoratlaridan eng ko‘p aziyat chekadigan qatlamdir. Yuqori yoshdagilarda kasallik og‘ir o‘tganiga guvoh bo‘ldik. Bunga sabab, ularda yondosh kasalliklar – qon bosimi, diabet va hokozalar bor. Bu virus ana shu yondosh kasalliklarning yanada avj olishiga olib keladi.
– Ushbu vaksinaning tarkibida homila to‘qimalari, implantlar va turli shubhali moddalar ishlatilgani qanchalik rost? Uning DNKga ta’siri ham aytilmoqda.– Turli xil qo‘shimchalar qo‘shilgani bahslarga sabab bo‘lmoqda. Hozir litsenziyaga ega bo‘lgan bir nechta vaksina Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus ruxsatnomasiga ega. Ushbu “COVID-19” vaksinalari homila to‘qimalari yordamida ishlab chiqilmagan. Turli implantlar mikrochiplar yoki kuzatuv moslamalari kabi materiallarni o‘z ichiga olmaydi. U oddiy vaksina bo‘lib, odam immunitet tizimiga koronavirus bilan kurashishda yordam berishga mo‘ljallangan. Uning dastlabki – Pfayzer va Moderna turlari ma’lumot olib keluvchi hujayralarga kiradi. Lekin DNK joylashgan hujayralar yadrosiga ega emas. Vaksina hujayrani immunitet tizimni rag‘batlantirish uchun oqsil ishlab chiqarishga majbur qiladi. Shu jarayonda DNKga ta’sir qilmasdan tezda parchalanadi.
–“COVID-19” vaksinasi bilan emlanganlarning virus yuqtirishi osonlashadimi?
–“COVID-19” vaksinasi infeksiya yuqtirmaydi va yuqtirolmaydi. Vaksina immun tizimiga organizmga koronavirus kirganda tanib olish va unga qarshi kurashishda yordam beradigan oqsil ishlab chiqarishda ishtirok etadi. Ya’ni emlangandan keyin virus kirib kelsa, immunetit unga qarshi kurash boshlaydi. Zero, insonning immun tizimi yaxshi xotiraga ega. Bundan tashqari, “COVID-19” vaksinasida koronavirus mavjud emas, shuning uchun infeksiya yuqtirib olish ehtimoli juda past. Immun tizimingizga virusni tanib olish va unga qarshi kurashishda yordam beradigan oqsil hech qanday infeksiyani keltirib chiqarmaydi.
Sayyora Shoyeva, O‘zA