Vaksina qabul qilish majburiy emas
Mamlakatimizda bugun, 1 apreldan boshlab koronavirusga qarshi ommaviy emlash jarayoni boshlandi. Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 39-oilaviy poliklinikada ham aholi virusga qarshi emlanmoqda.
- Poliklinikamizda asosan AstraZeneca vaksinasidan foydalandik, – deydi hamshira Adolat Mirzayeva. — Kasallikdan himoyalanishning eng samarali usuli, deb hisoblaganimiz bois ham vaksinani avvalo, biz tibbiyot xodimlari o‘z ixtiyorimiz bilan qabul qildik. Bugun asosan poliklinikamizga yoshi 55-60 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarimiz murojaat qildi va emlash tadbirlarida ishtirok etdi. Emlanganlarda nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, fuqarolarga tavsiya etilayotgan barcha vaksinalar — klinik sinovlar davomida birorta nojo‘ya ta’siri aks etmagan vaksinalar hisoblanadi.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonovning ta’kidlashicha, vaksinatsiya — ixtiyoriy amalga oshiriladi. Vaksina qabul qilish majburiy emas. Vaksinatsiya qabul qilinmaganlik uchun ham javobgarlik yo‘q. Lekin emlanishning qanchalik zarur ekanligini hisobga olib, kasallikka qarshi eng samarali usul unga qarshi vaksina olish ekanini eslatish o‘rinlidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA