Vadim Abramov “Bunyodkor”ni boshqaradi
Xabaringiz bor, joriy yil 8 yanvar kuni “Bunyodkor” futbol klubi rahbariyatida oʻzgarish amalga oshirilib, Ulugʻbek Mirzayev klub bosh direktori etib tayinlangan edi
Xabaringiz bor, joriy yil 8 yanvar kuni “Bunyodkor” futbol klubi rahbariyatida oʻzgarish amalga oshirilib, Ulugʻbek Mirzayev klub bosh direktori etib tayinlangan edi.
Klub matbuot xizmatining xabar qilishicha, bugun futbolchilar va murabbiylar bilan klub rahbariyati yigʻilish oʻtkazgan. Yigʻilishda bir qator masalalar muhokama etildi. Yangi mavsumda klub oldiga qoʻyilgan vazifalar, bajarilishi lozim boʻlgan ishlar, rejalar bilan tanishtirildi.
Shundan soʻng kun tartibidagi asosiy masala – bosh murabbiy masalasi koʻrib chiqildi. Klub bosh direktori U.Mirzayev vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarib turgan Shuhrat Maqsudovga minnatdorchilik bildirdi hamda klubning bosh murabbiyi etib Vadim Abramov tayinlanganini maʼlum qildi.
Vadim Karlenovichga murabbiylar shtabida odatdagidek uning doimiy hamrohi Marat Miftaxutdinov yordam beradi. Bosh murabbiy bilan birgalikda murabbiylar shtabi masalasi ham tez orada koʻrib chiqiladi.
Bundan koʻrinib turibdiki, “Bunyodkor” klubining yangi rahbariyati vaziyatni oʻnglash va jamoaning avvalgi shuhratini tiklash borasida amaliy harakatlarni boshlab yuborgan. Bu yaxshi albatta, zotan “Bunyodkor”dek klubning Pro-ligaga tushirib yuborilishi yoki butunlay tugatilishi oʻzbek futboli uchun katta yoʻqotish boʻladi. Biz esa voqealar rivojini kuzatamiz.