Uzun tumanida 150 o‘rinli yangi bog‘cha ish boshladi
Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi Mehnat mahallasida 150 o‘ringa mo‘ljallangan 34-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Yangi bog‘chaning ochilish marosimida mahalliy Kengash deputatlari, tuman hokimligi vakillari, nuroniylar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirda ramziy lenta kesilib, maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatiga rasman start berildi. Ishtirokchilar muassasada bolalarning ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur bog‘chaning ishga tushirilishi Mehnat mahallasi va unga tutash hududlarda yashovchi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarning ilk bilim va ko‘nikmalarni egallashi, maktab ta’limiga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga xizmat qiladi.
[gallery-32144]
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA