Uzumchilikda uzunliklar tajribasi
Surxondaryo viloyati Uzun tumani Yangi ro‘zg‘or mahallasida 1 ming 151 ta xonadon bo‘lib, 200 xonadon egalari mo‘’jazgina tomorqasida voish usulida boldek shirin uzum yetishtirmoqda.
Mahallaning Nurafshon ko‘chasida 114 xonadon bor. Bu fayzli xonadonlarning qay biriga kirmang, uzum voishi ko‘zingizni qamashtiradi. Joriy yil bahorida shu ko‘chada yashaydigan O‘tkir Rahimov taklifi bilan Nurafshon ko‘chasining 400 metr qismida 200 tupdan ortiq serhosil navli uzum voishi qurildi. Metall konstruksiyasidan ixcham va baland qilib, barpo etilgan voishda Rizamat ota, Mersedes, Ketmonsopi, Husayni, Kelin barmoq kabi navli uzumlar yetishtirish yo‘lga qo‘yili.
-Kasbi o‘qituvchi bo‘lgan O‘tkir Rahimov uch yil ilgari ko‘chada baland voish barpo etib, hovlisining ro‘parasiga o‘zgacha fayz kiritgan edi,¬ - deydi Yangi ro‘zg‘or mahallasi raisi o‘rinbosari Mansur Ma’murjonov.¬ - Bu yil esa ko‘chaga to‘liq voish qurib, uzum parvarishlash g‘oyasini o‘rtaga tashladi. Bu taklif qo‘llab-quvvatlanib, erta bahordan ishga kirishildi. Namunali ko‘cha sifatida tanlab olinib, ulkan bunyodkorlik ishlari boshlandi. Ko‘chadagi bitta voishni bunyod etish uchun 15 million so‘m mablag‘ sarflandi. Buning uchun tijorat banki tomonidan imtiyozli kredit mablag‘i ham ajratildi.
Mahalla sohibkorlarining ta’kidlashicha, uzum parvarishlashning o‘ziga xos siru sinoati mavjud. Erta bahorda navdalarni chilpish kerak. O‘z vaqtida shiraga, chang va sho‘rlashga qarshi qayta ishlov berish lozim. Mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, me’yorida sug‘orish, yaxshi rivojlanmayotgan g‘o‘ralarni o‘z vaqtida uzib olish kerak. Ana shunda voishdan mo‘ljaldagi hosilni olish mumkin.
Mahallada erta uzib olinayotgan g‘o‘ralar shu paytgacha isrof bo‘lgan yoki chorva mollariga berilgan bo‘lsa, bu yil g‘o‘radan sirka olish sinovdan o‘tkazilmoqda. Demak, endi g‘o‘ra ham isrof bo‘lmaydi. Undan qo‘shimcha daromad olish o‘zlashtirilmoqda.
[gallery-3415]
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat), O‘zA