Uzoq tuman aholisiga qulaylik
Navoiy viloyati markazidan salkam 260 kilometr olisda joylashgan Tomdi tumani markazida “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi homiyligida “Iste’molchilar uyi” qurilib foydalanishga topshirildi.
Unda tuman hokimi Qayrat Aldabergenov, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov, Senator Ulug‘bek Fayziyev yurtimizda aholining iste’molchi sifatida huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, Prezidentimizning 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida qayd etdi.

Mazkur farmon asosida yaratilayotgan keng imkoniyatlar sabab, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan ham yangi tashabbus va g‘oyalarni hayotga tadbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirish hamda ijtimoiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlari joriy etilayapti.
– bugungi kunda mahalliy hokimliklarning amaliy ko‘magida, Federatsiya tomonidan aholining iste’mol madaniyatini oshirish, tumanda kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini tashkil etish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida huquqiy va badiiy jihatdan yuksak, intelektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan, iste’molchilik sohasi, siyosiy va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlangan “Iste’molchi kutubxonasi” va aholini iste’molchi sifatidagi huquqiy bilimini yuksaltirish maqsadida “Iste’molchilar uyi” loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi Federatsiyaning Navoiy viloyati hududiy birlashmasi boshlig‘i Baxtiyor Tashev. – Loyiha doirasida barcha tumanlarimizda “Iste’molchilar uyi” quriladi. Bu hozircha ikkinchisidir. Mazkur binoda dasturlash tizimi bo‘yicha o‘qitishga mo‘ljallangan IT-markazi yoshlarga kompyuter texnologiyalarini, dasturlashni o‘rgatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Markaz o‘quv kurslariga tumandagi yuqori sinf o‘quvchilarni, uyushmagan yoshlarni jalb qilish hamda korxona-tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning AKT sohasidagi bilim saviyasini oshirish rejalashtirilmoqda.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA