"UzChess Cup 2026": “Masters”da Muhiddinov, “Challengers”da Suyarov peshqadam
Poytaxtimizda davom etayotgan “UzChess Cup 2026” xalqaro turnirining ortda qolgan 2-tur o‘yinlaridan keyin hamyurtimiz Muhiddin Madaminov yuz foizlik natija bilan “Masters” guruhida yetakchilik qilmoqda.
Kecha umumiy mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat turnirning “Masters” guruhida o‘tgan 2-tur o‘yinlarida oq donalarda harakatlangan barcha shaxmatchi muvaffaqiyatga erishdi.

Jumladan, Madaminov gretsiyalik Nikolas Teodoruni, Nodirbek Abdusattorov ozarbayjonlik Shaxriyor Mamedyarovni, rossiyalik Yan Nepomnyashiy hindistonlik Vidat Gujratini mag‘lub etgan bo‘lsa, qora donalarda harakatlangan Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov hind vakili Arjun Erigaisi va AQSHlik Neymann Xans Mokega imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 9-iyun kuni xalqaro turnirning 3-turida Muhiddin Madaminov qora donalarda Shamsiddin Vohidov qarshiligini yengishga harakat qilsa, 1,5 ochko bilan 2-o‘rinda borayotgan Nodirbek Abdusattorov Vidat Gujrati bilan kuch sinashadi.
Shuningdek, ushbu turda N.Teodoru-Yan Nepomnyashiy, N.Yoqubboyev- Neymann Xans Moke, Sh.Mamedyarov-A.Erigaisi to‘qnashuvi bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro turnirning “Challengers” guruhida Muhammadzohid Suyarov 10 nafar ishtirokchi orasida 1 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. “Futures” guruhida ham 10 nafar shaxmatchi dona surayotgan vaziyatda niderlandiyalik Sergey Tivakov 1 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib turibdi.
Eng ko‘p ishtirokchini jamlagan “Open” guruhida 141 nafar shaxmatchi g‘oliblik yo‘lida kurashga kirishgan vaziyatda 29 nafar ishtirokchi 2 ta tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, 2 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Musobaqalar 15-iyungacha davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA