Uysiz oilalar o‘z xonadoniga ega bo‘ldi
Prezidentimizning shu yil aprel oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i asosida Jomboy tumani Qo‘lbosti mahallasidagi foydalanilmayotgan bino tuman hokimligi balansiga olindi.
Bino ijtimoiy yotoqxonaga moslashtirilib, rekonstruksiya qilindi.
Tuman hokimi Q.Sobirovning ma’lum qilishicha, ikki qavatli mazkur binoda 1 milliard 100 million so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bu yerda 25 ta oila uchun munosib turmush sharoiti yaratildi.
Yangi yil bayrami oldidan ushbu xonadonlar og‘ir turmush sharoitidagi ayollar va oilalarga hech qanday to‘lovsiz topshirildi.
– O‘g‘lim bilan ijarada yashab kelayotgan edim, – deydi Dilfuza Nazarova. – O‘z uyingiz bo‘lmaganidan keyin hayotingiz kemtik, ko‘ngilingiz to‘q bo‘lmas ekan. Ijara ovoragarchiliklaridan bolamga qarab, ezilib ketardim. Davlatimizga ming rahmat, mana bugun o‘z uyimizga ega bo‘ldik. Qalbimiz quvonchga to‘ldi.
Tumanning Uzunovul qishlog‘ida ham saxovatli kishilarning homiyligi asosida qurilgan har biri ikki sotixli 8 ta uylar turar-joyga muhtoj oilalarga beg‘araz yordam sifatida berildi. Shu kuni tumandagi kam ta’minlangan oilalarning 50 nafar farzandlarining sunnat to‘yi o‘tkazilib, bolalarga sovg‘alar ulashildi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA