Uyda ta’lim oluvchi o‘quvchilar doimiy e’tiborda
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan uyda ta’lim oluvchi o‘quvchilar holidan xabar olindi.
Fond tomonidan bolajonlarga o‘quv qurollari hamda bayram sovg‘alari ulashildi.
– Muruvvat, saxovat va xayrli amallarni muntazam tashkil etish xalqimiz ma’naviyatining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi, – deydi fond sho‘’ba mudiri Ahtam Mirzaliyev. – Mamlakatimizda farzandlar kamoli yo‘lida amalga oshirilayotgan barcha ezgu maqsadlar zamirida dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamligi, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini asrash davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e’tiborida ekanligi muhim sanaladi. Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir jamoat tashkilotlarining muqaddas burchidir. Bugun Fond tomonidan bayram oldi xayriya tadbirlarini o‘tkazib, bolajonlarimizni ko‘nglini ko‘tardik. Ularning holidan xabar oldik.

– Bayramda rosa xursand bo‘ldim, – deydi Buxoro shahridagi 10-umumta’lim maktabi o‘quvchisi, uyda ta’lim oluvchi Kamolbek Asatillayev. –Menga o‘quv qurollari hamda bayram sovg‘alari berishdi. O‘quv qurollarini keyingi yil o‘qishim uchun olib qo‘ydim. Yangi o‘quv yilida a’lo baholarda o‘qishni davom ettiraman.

Zarif Komilov, O‘zA