Uychi ishsizlikdan xoli hududga aylanadi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Mega tekstil” qo‘shma korxonasida yiliga 152 mlrd. so‘m qiymatidagi yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va 10 mln. AQSH dollariga teng eksport quvvati yaratilgan.
Bugungi kunda korxona tomonidan yana qiymati 7 mln. dollar bo‘lgan investitsion loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Undan choyshab mahsulotlari ishlab chiqarish, klaster usulida paxta yetishtirish, paxta, chigit, sutni qayta ishlash maqsadlari o‘rin olgan. Loyiha ro‘yobga chiqarilsa, mavjud ish o‘rinlari soni 900 taga yetkaziladi.
Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Uychi tumaniga tashrifi davomida mazkur korxona faoliyati va uning istiqboldagi rejalari bilan tanishdi.
Navbatdagi tashrif obyekti “Barkas Teks Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati filiali bo‘ldi. Bu yerda ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqariladi. Viloyat rahbari korxonada mehnat qilayotgan yoshlar bilan suhbatlashib, ularning ish sharoitlari, daromadlari bilan qiziqdi.
Uychi tumanida joylashgan “Yorkatay” kichik sanoat zonasida asosan temirchilik, tikuvchilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mebelchilik yo‘lga qo‘yilgan. Sanoat zonasida umumiy qiymati 407,3 mlrd. so‘mlik 26 ta loyihani ishga tushirish, shu orqali 1 ming 700 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda 18 ta loyiha to‘liq quvvatda ishlamoqda.
[gallery-17255]
Sanoat zonasida viloyat hokimi “Yorkatay” MFY yettiligi bilan muloqotda bo‘lib, ishsizlarni aniqlash, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, viloyat rahbari 3-sektor hududidagi “Yuksalish”, “Qumtepa” MFYda joylashgan temirchilikka ixtisoslashgan yangi yoshlar kichik sanoat zonasining ikkinchi bosqichida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Uychi tumanini ishsizlikdan xoli hududga aylantirish chora-tadbirlari belgilandi.
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA