Ustyurt hangomalari: yaralangan sayg‘oq
Ustyurtning markazida joylashgan “Jasliq” posyolkasi aholisi tabiat bilan uyg‘un yashaydi, desa mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuningdek, posyolka chekkasi bepoyon Ustyurt sahrosining go‘zal tabiati bilan tutashib ketadi. Yana yovvoyi tabiat. Uzoq yo‘l sahroni bosib o‘tgandan keyin oldingizda farovon hayot aks etgan shaharcha paydo bo‘lsa hayratlanmaslikning iloji yo‘q.
O‘tgan asrning 90-yillarida Ustyurtda migratsiya paytida millionlab sayg‘oqlar kezib yurgan. “Jasliq” posyolkasi ichiga ham kirib ketgan holatlar bo‘lgan. Ushbu posyolkada istiqomat qiluvchi Qaziy og‘a tarbiyaviy ahamiyatga ega bitta qiziq hikoyani aytib berdi.
“Sayg‘oqlar migratsiyasi paytida Jasliqdan Qo‘ng‘irot tomon yengil avtomobilda chiqdim, – dedi Qaziy og‘a. – Bir payt sayg‘oqlarning qalin to‘dasiga duch keldim. Son-sanog‘i yo‘q sayg‘oqlar mashinam bilan qavatlashib yugurib kelyapti. Birontasiga shikast yetkazib olmay deb ehtiyotkorlikni oshiraman-u, ammo, bo‘lmadi. O‘ng tomonimdan kelib qolgan bittasidan qochib mashinani chapga olganim shu zahoti boshqa biri kelib kapotga urildi. 4-5 metrga uchib ketdi-yu, joyida tipirchilab qoldi.
Tanasiga jiddiy zarar yetgan bo‘lsada sayg‘oq jonivorning joni uzilmagan ekan. Endi nima qilaman? Olib ketay desam, uyda otamdan qo‘rqaman. Chunki, otam oldingda ming bosh qo‘ying bor, yovvoyi hayvonga nima qilasan tegib, deb azobimni berishi aniq. “Atayin qilmadim, o‘zi kelib urildi” deganni tushunar deysizmi?
Xullas, jon talvasa ahvolda qolgan sayg‘oqni tashlab yo‘limni davom ettirdim. Uyga kelib bo‘lgan voqeani onamga aytib berdim. Aksiga onam “Bolam, nima qilganing, agar joni uzilmagan bo‘lsa olib kelsang bo‘lardi, veterinar shifokorlarga ko‘rsatib davolatardik” deb dodlab ketdi. Nima qilishimni bilmay, sayg‘oqni urib yuborgan joyimga qaytib bordim. Afsus oradan ancha vaqt o‘tib ketgan edi. Ko‘p qon yo‘qotgan sayg‘oq qiynalib-qiynalib oxir jon topshiribti. Shundan buyon yaralangan hayvonlarni ko‘rsam, yordam qilishga shoshilaman”, deb og‘ir tortdi Qaziy og‘a.
Ye.Qanoatov