Ustozlar tajribasi – bebaho xazina
Umrini ta’lim sohasiga bag‘ishlagan keksa ustozlar, faxriy o‘qituvchilarning boy tajribasi bebaho xazina sanaladi.
Umrini ta’lim sohasiga bag‘ishlagan keksa ustozlar, faxriy o‘qituvchilarning boy tajribasi bebaho xazina sanaladi. Poytaxtimizdagi A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari, faxriy o‘qituvchilar, ta’lim fidoyilari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va boshqalar mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar ota-onalar, keng jamoatchilik, o‘quvchi-yoshlar taklifi va g‘oyalari, ezgu tashabbuslari asosida tizimli tarzda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2018 yil 14 avgustdagi ”Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi amaliy ishlarni yuqori bosqichga olib chiqmoqda.
Sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida maktablarda erkak o‘qituvchilar safi kengaymoqda. Nuroniy muallimlarga to‘liq miqdorda pensiya to‘lanishi mahoratli o‘qituvchilarning tajribasini yosh pedagoglarga batafsil yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalq ta’limi tizimida o‘qituvchi va o‘quvchilarning bilimini baholash bo‘yicha xalqaro tizimlar va tadqiqotlar bosqichma-bosqich joriy etilayotgani, iqtidorli bolalarni tarbiyalash maqsadida yurtimizning barcha hududlarida Prezident maktablarini tashkil etishga oid ezgu tashabbuslar ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tarkibida faoliyat ko‘rsatayotgan Faxriylar kengashi o‘qitish, tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, ilg‘or ish tajribasini yosh o‘qituvchilarga yetkazish ishlariga faol hissa qo‘shib kelmoqda.
– Ta’limning barcha bosqichlarida keng jamoatchilik, ekspertlar, ota-onalarning fikri inobatga olinayotgani ijobiy holdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Faxriylar kengashi a’zosi Shukur Po‘latov. – Bu jihatlar maktablardagi amaliyotchi psixologlar faoliyatini yanada yaxshilash, ularni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli bolalarga e’tiborni kuchaytirish, qobiliyatiga qarab to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashiga oid ishlarni davr talabiga mos tarzda takomillashtirishda o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Davra suhbatida ta’lim-tarbiya sohasida ko‘p yillardan buyon samarali va halol mehnat qilgan faxriy pedagoglarga tashakkurnoma va ma’rifiy kitoblardan iborat sovg‘alar topshirildi.