Ustoz va murabbiylar kuni keng nishonlandi
Har yili 1-oktabr yurtimizda Ustoz va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana butun umrini ta’lim-tarbiya, ilm-fan va yosh avlod kamolotiga bag‘ishlagan ustoz va murabbiylarga yuksak ehtirom ifodasidir.
Ustoz mehnati ko‘pincha bir qarashda ko‘zga tashlanmaydi. Ammo uning samarasi shogirdning bilimi, mustaqil fikri, erishgan natijalari va hayotda o‘z o‘rnini topganida namoyon bo‘ladi. Sirdaryo tumanida ham joriy yilda ta’lim sohasida qayd etilgan natijalar ana shu mehnat samarasini ko‘rsatmoqda.
2025–2026-o‘quv yilida tumandagi umumta’lim maktablarini 1 650 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularning 726 nafari, ya’ni qariyb har ikki bitiruvchidan biri xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Pedagoglar salohiyatida ham o‘sish kuzatildi. Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi 20 foizdan 35 foizga yetdi. Xalqaro va milliy sertifikatga ega pedagoglar salmog‘i esa bir yilda 10 foizdan 20 foizga oshdi.

Tuman ta’limidagi yilning muhim voqealaridan biri 41-sonli maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Mavjuda Ummatovaning respublika miqyosidagi yutug‘i bo‘ldi. Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi» tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan ustoz 616 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Bu kabi natijalar tasodifan yuzaga kelmaydi. Har bir yutuq ortida o‘qituvchining kundalik izlanishi, darsga puxta tayyorgarligi, o‘quvchining qobiliyatini anglay bilishi va uni qo‘llab-quvvatlashi bor. Shu ma’noda, ta’limdagi raqamlar ustoz mehnatining aniq natijasini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlardir.

Bugun Sirdaryo tumanida 43 ta umumta’lim maktabi va 32 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ta’lim sifatini oshirish, bolalar uchun munosib sharoit yaratish va o‘quv jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida muassasalarda qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida tumanda qurilish-montaj ishlari ham olib borilmoqda.

Jumladan, 9- va 17-sonli umumta’lim maktablarida jami 4 milliard 647 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda. Shuningdek, 5- va 42-sonli umumta’lim maktablari hamda 21- va 28-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida jami 29 milliard 100 million so‘mlik ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu esa ta’lim muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash barobarida, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarning sifatli ta’lim olishi, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishi uchun zarur muhit yaratishga xizmat qiladi.

Biroq ta’lim sifatini faqat bino, jihoz yoki sarflangan mablag‘ bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning asosiy mezoni — o‘quvchining bilimi va erishgan natijasi. Shuning uchun zamonaviy maktabda ustozning kasbiy salohiyati, yangilikka intilishi va o‘z ustida ishlashi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan bayram tadbirida ana shu mehnat va natijalar sarhisob qilindi. Tadbirda tuman hokimi Azizbek Turdimurodov ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.

— Yangi O‘zbekistonning haqiqiy poydevorini barpo etishda ustozlarning mehnati, bilimi, tajribasi, maslahati va nasihati muhim ahamiyatga ega. Sizlarning mashaqqatli mehnatingiz yosh avlodning kelajagini belgilaydi. Barchangizga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat va kasbiy faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman, — dedi hokim.

Bayram tadbirida ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan bir guruh ustozlar munosib taqdirlandi. 5 nafar pedagog «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Faol va tashabbuskor o‘qituvchilarga tuman hokimligining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri