Ustoz san’atkor ijodi ziyolilar nigohida
Botir Zokirov betakror san’atkor, milliy estrada san’atimizning asoschisidir. O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasida ijodiy uyushmalar "Do‘stlar klubi"ning "So‘z, ohang va tasvir" turkum tadbiri doirasida O‘zbekiston xalq artisti, serqirra ijodkor, estrada san’atining atoqli namoyondasi Botir Zokirov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi Yoqub Ahmedov, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev, Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professor Yunus To‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, kompozitor, professor Dilorom Omonullayeva, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi dotsenti Gulshanoy Tursunova hamda bir qator ijodkorlar serqirra va betakror ijod sohibi bo‘lgan Botir Zokirov hayoti va ijodi haqida so‘zladilar.
Ijodiy kecha O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Estrada xonandaligi kafedrasi talabalari ijrosidagi qo‘shiqlar bilan yanada fayzli o‘tdi. Olqishlar sadosi ostida o‘zbek milliy estrada qo‘shiqlarining durdonasiga aylangan "Ra’no" va "Majnuntol" qo‘shiqlari estradamizning yorqin yulduzi Farrux Zokirov ijrosida yangradi.
N.Usmonova, O‘zA