Ustoz san’atkor bilan uchrashuv
Poytaxtdagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, umrini san’atga baxshida etib kelayotgan, o‘zbek milliy estradasini dunyoga tarannum qilib, yurtimizning madaniyati va san’ati nufuzini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shayotgan ustoz san’atkor — O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish bo‘yicha bir qator ezgu amaliy chora-tadbirlar belgilangan edi.

Unga muvofiq, ustoz san’atkorning betakror ijodini yosh avlodga munosib yetkazish maqsadida Toshkent shahar Yashnobod tumani 7-son bolalar musiqa va san’at maktabiga O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov nomi berildi.

Farrux Zokirov nomi berilgan Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida ustoz san’atkor ishtirokida maktab o‘quvchilari hamda pedagoglar uchun uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilganlar maktab faoliyati bilan to‘liq tanishib, dars jarayonlari va ijodiy muhitni ko‘zdan kechirdi.
Mazkur ijodiy muloqotda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov hamda sohaning taniqli vakillari qatnashdi.
– Albatta, keyingi paytlarda mamlakatimizda san’at sohasi ravnaqiga qaratilayotgan ulkan e’tibor biz – ijodkor ziyolilarni juda quvontiradi, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. – Bunday e’tibor kamtarin mehnatimga berilayotgan yuksak e’tiroflarda yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Uchrashuvdan so‘ng Farrux Zokirov nomidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida o‘quv-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirib borish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha badiiy-pedagogik kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ilk kengashda kapital ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, maktab moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, Farrux Zokirov ijro dasturi to‘liq notalashtirilishi va ularning to‘plamlari chop etilishi hamda respublika miqyosida ta’lim jarayonlariga keng tatbiq etilishi, “Yalla” nomidagi bolalar ansambli yo‘lga qo‘yilishi kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari faoliyatini shakllantirish, ushbu maktabda yozgi to‘garak tashkil etilib, hududlardagi bolalar musiqa va san’at maktablarining 3 nafardan eng iqtidorli o‘quvchilarini mazkur to‘garakka jalb etilishiga ahamiyat qaratildi.
Shuningdek, yozgi to‘garakning iqtidorli 5 nafar o‘quvchilari hamda ularning o‘qituvchi va konsertmeysterlarining nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjetidan qoplanishi, 2026-2027-yillarda tajriba-sinov tariqasida xalqaro nufuzli tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan maktab va yozgi to‘garak o‘quvchilari (jamoalari) hamda ularni tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster) tegishli tarzda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilmoqda.
E’tiborga molik jihati, umumxalq bayram dasturlari va yuqori darajadagi anjumanlarning badiiy qismida maktab va yozgi to‘garakning iqtidorli o‘quvchilari hamda ijodiy jamoalarining ishtirok etishi belgilandi.
Mazkur uchrashuv yosh iste’dod egalari uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri