Ustoz mehnatining samarasi
FOTOREPORTAJ
Joriy yilda pedagoglar o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 16 ta tuman va Nukus shahri bo‘yicha 17 nafar pedagog birinchi o‘rinni egalladi.
Ular orasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Nukus filiali kimyo fani o‘qituvchisi Zibayda Joldasbayeva ham bor.
[gallery-31674]
Zibayda Joldasbayeva o‘z kasbiga fidoyi, izlanuvchan va tajribali pedagoglardan. U dars jarayonida zamonaviy yondashuvlardan samarali foydalanib, o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish, iqtidorini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratadi.
Ustoz mehnatining samarasi uning shogirdlari qo‘lga kiritayotgan yutuqlarda ham namoyon bo‘lmoqda. U tayyorlagan o‘quvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
“Yil o‘qituvchisi” tanlovidagi g‘oliblik pedagogning ko‘p yillik mehnati, kasbiy mahorati va ta’lim sohasidagi izlanishlarining munosib e’tirofi bo‘ldi.
Tanlov g‘oliblariga bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari, ya’ni 616 million so‘m miqdorida pul mukofoti beriladi. Tanlov pedagoglarning kasbiy salohiyatini namoyon etish, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish va mehnatini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Ustozning eng katta yutug‘i — shogirdlarining kamoli va muvaffaqiyati. Zibayda Joldasbayeva kabi fidoyi pedagoglarning samarali mehnati yosh avlodga sifatli ta’lim va tarbiya berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA