Ustoz jurnalist holidan xabar olindi
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, mehr-oqibat, saxovat, olijanoblik va bag‘rikenglik fazilatlarini asrab-avaylash hamda keng targ‘ib qilish xalqimizga xos fazilatlardan biri.
Muborak Ramazon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov hamda bo‘lim huzuridagi “Faxriy jurnalistlar Kengashi” raisi Ibrohim Jumayev uzoq yillar viloyat va respublika ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borgan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, II darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, faxriy jurnalist Hamdam Eshonqulov xonadonida bo‘lib, ustoz ijodkor holidan xabar olishdi.
Hamdam Eshonqulov 1938 yilda Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. 1968 yilda Toshkent davlat universitetining (O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. Jurnalistik faoliyatini 1964 yilda Nurota tumani hokimligi muassisligidagi “Ilg‘or chorvador” (hozirgi “Nurnoma”) gazetasida boshlab, keyinchalik Navoiy viloyati hokimligi muassisligidagi “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, “Qishloq hayoti” va “Xalq so‘zi” gazetalarining Navoiy viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri sifatida ham mehnat qilgan.
Hamdam Eshonqulovning badiiy va publitsistik janrdagi “Olis qirlar bag‘rida”, “Cho‘pon tabassumi”, “Yaylov tashvishlari”, “Bir juft oltin uzangi”, “O‘zini ayamagan odamlar”, “Qizilqum alplari”, “Sahro mo‘’jizalari”, “Oqtov hikmatlari” nomli kitoblari chop etilgan.
Uchrashuvda muborak Ramazon oyining fayzu tarovati, Vatan taraqqiyoti yo‘lida munosib bo‘lish, inson qadrini ulug‘lash, o‘zaro hurmat, do‘stlik muhitini mustahkamlash, kasbdoshlar o‘rtasidagi hamjihatlik va samimiylik, mehr-oqibat, kasbga sadoqat tuyg‘ulari, davlatimiz tomonidan ommaviy axborot vositalariga qaratilayotgan e’tibor hamda e’zoz haqida suhbatlashildi.
[gallery-22561]
– Bugungi e’tibordan juda xursandman, – deydi Hamdam Eshonqulov. – Hamisha davlatimiz, shogirdlarimiz, hamkasblarimiz e’tiborida ekanligimizdan, mehnatlarimiz qadrlanib, biz kabi faxriylar e’zozlanayotganidan minnatdormiz.
Muloqot doirasida ustoz jurnalistga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan yaqinda nashr etilgan “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari