Ustoz jurnalist holidan xabar olindi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Prezidentimizning 2024 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqib, “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanimiz!” bosh g‘oyasi ostida “Faxriy jurnalistlar doim e’tibor va e’zozda” deb nomlangan aksiya o‘tkazilmoqda.
Mazkur aksiya doirasida Uyushma markaziy apparati va uning barcha hududiy bo‘limlari tomonidan jurnalistika sohasida uzoq yillar mehnat qilgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan ustoz jurnalistlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlar, yo‘qlovlar amalga oshirilmoqda.
–Xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami oldidan o‘z davrining fidoyisi bo‘lgan, zaxmatkash ustozlarni yo‘qlash biz uchun ham qarz, ham farz, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova. – Ularning mazmunli hayot va ijod yo‘li, o‘zbek jurnalistikasi rivojiga qo‘shgan hissalari biz uchun hamisha ibrat maktabidir.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi tomonidan qator soha faxriylari holidan xabar olinmoqda. Jumladan, kuni kecha bir guruh ijodkorlar, mahalla faollari keksa jurnalist, Andijon tumanidagi No‘xatak mahallasida yashovchi, ustoz jurnalist Nasrullo Abdusalomov xonadonida bo‘ldi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Nasrullo Abdusalomov o‘zining to‘qson yoshini qarshilash arafasida. Ustoz ko‘p yillar viloyat “Andijonnoma” gazetasida, ma’naviyat sohasida samarali mehnat qilgan. Nasrullo ota xastalik tufayli anchadan buyon bir joyda bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, farzandlari, mahalla-ko‘y, shogirdlari ardog‘ida yashamoqda.
Shogirdlar bilan suhbatda ustoz faoliyati davomidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi, pand-nasihatlar berdi, duolar qildi.
–Yo‘qlovdan, e’tibordan boshim ko‘kka yetdi, – deydi faxriy jurnalist Nasrullo ota Abdusalomov. – Jurnalistlar uyushmasi biz keksa jurnalistlar holidan xabar olayotganligi xo‘p xayrli va savob ish. Buning uchun barcha tashkilotchilarga mingdan-ming rahmat. Ilohim, bugungi tinch, farovon hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.
Yo‘qlov davomida ustoz jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining esdalik sovg‘alari topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA