Ustoz haykaltarosh ijodiga bag‘ishlanadi
Azamat Hotamov mamlakatimizning mashhur haykaltaroshlaridan sanaladi. Mamlakatimizda bapro etilgan mahobatli yodgorliklar, xotira lavhalari ustoz haykaltarosh ijodiga taalluqlidir. Ayni paytda Azamat Hotamov bir qator yoshlarga haykaltaroshlik san’atidan saboq berayotgan ustozlardan biridir.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 yanvardagi tegishli bayoniga asosan joriy yilda O‘zbekiston haykaltaroshlik san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan atoqli ijodkor, “Do‘stlik” ordeni hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Oltin” medali sohibi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining haykaltaroshlik kafedrasi dotsenti Azamat Hotamov tavalludining 70 yilligi keng nishonlanadi. Bu haqda Badiiy akademiya matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Bayonda haykaltaroshning betakror ijodiy merosini xalqimizga to‘la yetkazish, yosh avlodni xalqimiz madaniyati tarixi bilan g‘ururlanish va vatanaparvarlik ruhida tarbiyalashga zarur shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar belgilandi. Shunga muvofiq, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida shu yil aprel oyida Xalqaro tasviriy va amaliy san’ati festivali doirasida A.Hotamovning 70 yilligiga bag‘ishlab ijodiy-badiiy kechasi va ko‘rgazmasini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Azamat Hotamovning 70 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy badiiy kecha, ko‘rgazma bilan birga ustoz haykaltarosh ijodini keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida hamda boshqa ommaviy axborot vositalarida haykaltarosh hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar tayyorlash va namoyish etish, tadbirlarni keng yoritish vazifalari amalga oshiriladi.
N.Usmonova, O‘zA