«Ustoz-2021 milliy mukofoti» g‘oliblari taqdirlandi
Umumiy o‘rta ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi va muallimlarning nufuzi, mavqei, obro‘-e’tiborini oshirish hamda rag‘batlantirish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
O‘qituvchilar orasidan ilg‘or, ijodkor, mahoratli, fidoyi va yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotganlarni aniqlab rag‘batlantirish, zahmatli kasb egalarining mehnatini qadrlash muhim masalalardan biri.
Muallim-pedagoglar orasidan o‘quv-tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotganlarini aniqlash va ularning ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida O‘qituvchilar assotsiatsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida «Ustoz-2021 milliy mukofoti» tanlovi ikkinchi marotaba tashkil etildi.

Ushbu nufuzli tanlovga ariza topshirish jarayonlari joriy yilning 15 cyentyabridan boshlangan bo‘lib, kecha – 4 dekabr kuni Toshkent shahrida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan fidoyi o‘qituvchilar hamda tanlov g‘oliblari ishtirok etdi.
«Ustoz-2021» Milliy mukofoti tanlovi uchun ro‘yxatdan o‘tganlar soni bu yil 29 ming 850 nafarga yetdi. Tanlovning ilk bosqichida 4 ming 301 nomzod ishtirok etdi. Ulardan 40 nafari ushbu bosqichlardan o‘tib, finalga yetib keldi.

Tadbirda 40 finalchidan 8 nafari «Tashabbuskor ustoz», «Ta’lim sohasida ko‘rsatgan xizmatlari uchun», «Umid timsoli», «Boshlang‘ich ta’lim fidokor ustozi», «Matonatli ustoz», «Fidoyi ustoz», «Mehridaryo ustoz» va «Plyus 1» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
- Tanlov juda ham keng miqyosda tashkil etildi. Buni tanlovda ishtirok etishni maqsad qilgan ustozlardan ham bilsak bo‘ladi. Ushbu tanlov yurtimizda o‘qituvchining mavqeini ko‘tarishga qaratilgan yirik loyihalardan biridir. Bu loyiha O‘qituvchilar assotsiatsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, o‘qituvchilarning dunyoqarashini oshirish, zamonaviy innovatsiyalar va o‘quv metodlardan foydalanishni rag‘batlantirishni maqsad qilgan. Bu tanlov yanada rivojlantirilib, kelgusida nominatsiyalar soni yanada ko‘payishidan umidvorman, - deydi tanlov hakamlar a’zosi Nodira Azizova.
Tanlov g‘oliblari diplom, 30 million so‘m pul mukofoti va “Global Teacher Prize” xalqaro tanlovining taqdirlash marosimiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA