Urush faxriylari mahallasida bayram
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Shayxontohur tumani hokimi Abduqahhor To‘xtayev, Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Bahrom Qosimov, tumanmudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Xolboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov, harbiy orkestr, Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi badiiy guruhi, Milliy gvardiya xodimlari, mahalla faollari va yoshlar bir yo‘la uch nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi xonadoniga bayram kayfiyatini olib kirdi.
Jumladan, tumanning Katta hovuz mahallasida keksalik gashtini surayotgan 97 yoshli Asqar bobo Jo‘rayevga ehtirom ko‘rsatilib, Marat Hakimov, harbiy orkestr hamda Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi badiiy guruhi tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

– 1944 yil oxirida bizni zaxira fronti uchun mo‘ljallangan harbiy qismlardan biriga, Semipalatinsk shahriga olib kelishdi. Qahraton qishning sovug‘iga chidab bo‘lmasdi. Bo‘linmamizdagi to‘rtta jangchi kelishib, diviziya komandiridan frontga jo‘natishini iltimos qildik. Bizni Moskvaga, navbatdagi harbiy qismga jo‘natishdi. Nihoyat, Polshani ozod qilishda muhim ahamiyat kasb etgan Visla-Oder operatsiyasi uchun kechgan janglarda qatnashdik. G‘alabani Berlinda kutib olish nasib etdi…
Asqar bobo 1950 yilga qadar maxsus qo‘shin tarkibida Germaniyada xizmatni davom ettirgan. Janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun II darajali «Vatan urushi» ordeni va ko‘plab medallar bilan taqdirlangan. Urushdan keyin «Sharq» matbaa-nashriyotida uzoq yillar davomida mehnat qilgan. Nuroniy otaxon mehmonlarga boshidan kechgan og‘ir kunlarni xo‘rsinish bilan gapirib berar ekan, hech qachon urush bo‘lmasin, deya ko‘zlariga yosh oldi.
Shundan so‘ng tadbir tashkilotchilari Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan sovg‘a-salomlar bilan tumanning «Yangishahar» MFY, Sharofutdinov ko‘chasi, 7-uyda istiqomat qilayotgan Maqsud ota xonadoniga kirib borishdi.

Mashhur pedagog, o‘zbek «Alifbo»si muallifi, sotsialistik mehnat qahramoni Oqilxon Sharofutdinovning farzandi Maqsud Oqilov 1944 yil maktabni tugatib, ko‘ngilli sifatida frontga otlangan. Samarqandda uch oy artilleriya kurslarida tayyorgarlik ko‘rgan. O‘zidan avval urushga ketgan uchta akasi taqdiri va bosqinchilarga qarshi kurash ishtiyoqida yongan navqiron yigit artilleriya kursidagi quroldoshlari bilan birgalikda frontga jo‘natilayotgan piyoda qo‘shinlari tarkibida urushga ketishga ariza yozgan.
Toshkentdan yo‘lga chiqqan eshelon 29 kun deganda Odessaga yetib borgan va qahramonimiz Ukraina, Ruminiya, sobiq Yugoslaviya va Chexoslavakiyani fashist bosqinchilaridan ozod qilishdagi xizmatlari uchun II darajali «Vatan urushi» ordeni va ko‘plab medallar bilan taqdirlangan. 1946 yil jonajon yurtiga qaytib, uzoq yillar davomida veterinariya vrachi sifatida faoliyat olib borgan. Turmush o‘rtog‘i Mo‘’tabar aya bilan bir o‘g‘il va ikki qizni voyaga yetkazishdi.
Maqsud otaning o‘g‘li Saidodil akaning aytishicha, 1919 yilda tug‘ilgan amakisi Orifxon Oqilov urush boshlanishidan 12 kun oldin harbiy xizmatga chaqirilgan. Harbiy vrach sifatida Belarus frontining 1-armiyasi, 415-o‘qchi diviziyasi, 1323-o‘qchi polkida xizmat qilgan katta leytenant Orifxon Oqilov I va II darajali «Vatan urushi», «Qizil yulduz» ordenlari bilan taqdirlanib, 1946 yil Toshkentga qaytib kelgan. O‘rtancha amakisi Ahrorxon Oqilov esa Stalingrad janglarida bedarak ketgan. Yana bir amakisi Anvarxon Oqilov ham janggohlardan omon qaytgan.

– Urush boshlangandan keyin Moskva yaqinidagi Domodedovo shahriga evakuatsiya qilinganman, – deya eslaydi 1927 yil Tver viloyatida tug‘ilgan Vladimir Kuznetsov. – 15-17 yoshli yigitlardan tuzilgan guruhimiz 14 soat zavodda ishlash bilan birgalikda maxsus komandirlar nazoratida sapyorlik va merganlik mashg‘ulotlarida qatnashardik.
1944 yil boshida Amerikadan keltirilgan to‘rt pulemyotli zirhli mashinani boshqarish, undan otishni o‘rgata boshlashdi. Bu paytga kelib jangchilarimiz Smolenskni fashist bosqinchilaridan ozod qilib, Belarusga yaqinlashib qolgandi. 17 yoshimda nihoyat tank diviziyasi tarkibida «Bagration» operatsiyasida qatnashdim. Bir oydan sal ko‘proq vaqt davomida qo‘shinlarimiz nemislarga qaqshatqich zarba berdi. Bizning polkimizga parokandaga uchrab, ortga chekinayotgan dushman kuchlarini yo‘q qilish topshirig‘i berildi. Nemis eshelonlarini tanklar va o‘ziyurar artilleriya qurilmalari yordamida o‘qqa tutardik. Ana shu janglarning birida qattiq yaralandim va kontuziyaga uchradim.
Ancha vaqt gospitalda davolanib, zaxiradagi tank diviziyasiga o‘tkazildim. Diviziyamiz g‘alabagacha Belarusda turdi. Shu vaqt davomida men sapyorlar guruhida minalashtirilgan hududlarni minalardan tozalash bo‘yicha topshiriqlarni bajarib yurdim. 1950 yil harbiy xizmatdan bo‘shatilib, Tverga qaytdim. Toshkentga 1966 yil zilzila talafotlarini bartaraf etish maqsadida ko‘ngilli bo‘lib kelib qolganman.
Vladimir Kuznetsovni tabriklash tadbiri mahalla miqyosidagi umumxalq bayramiga aylanib ketdi. Urush faxriysining mahalladoshlari Marat Hakimov, harbiy orkestr hamda Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi badiiy guruhi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlarga jo‘r ovoz bo‘lgan holda o‘yin-kulgi ishtirokchilariga aylandilar. Prezident nomidan berilgan sovg‘a-salomlarni qabul qilib olgan Vladimir Kuznetsov esa xuddi yosh yigitlardek raqsga tushdi.
Tadbir tashkilotchilari har uchala urush faxriysiga 12 milliondan pul, «Shon-sharaf» muzeyi gumbazi ustiga o‘rnatilgan o‘zbek qahramonlarining haykali tasvirlangan esdalik sovg‘asi topshirib, davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdilar.
Asror RO‘ZIBOEV,
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi
O‘zA