Urush faxriylari – jasorat va matonat timsoli
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 79-yilligi oldidan jang maydonlarida jasorat ko‘rsatgan surxondaryolik mard, botir faxriylar holidan xabar olish uchun yo‘lga chiqdik. Kun qorayguncha otaxonlar bilan uchrashib, Termizga qaytdik. Manzilimizga yaqinlashganimizda denovlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Dosek ota Meridov xonadonidan xabar keldi. Otaxon omonatini topshiribdi...
O‘sha kuni biz navbatdagi suhbat ilinjida Dosek bobo uyiga borganimizda qo‘lida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan va to‘shakda yotib qolgan ekan. Otaxonni ortiqcha bezovta qilishni istamay, farzandlaridan hol-ahvol so‘rab, xayrlashgan edik.
Bilagi kuchga to‘lgan paytda dushmanga qarshi mardonavor kurashgan irodasi mustahkam, Vatan uchun qon kechib, jang qilgan boboning yotib qolganini ko‘rib, Dosek bobo bilan urush yillari va xotiralari to‘g‘risida suhbat qilolmaganimizdan qalbimiz o‘ksingan edi. Bu mudhish xabar esa bizni kutilmaganda shoshirib qo‘ydi...

Biz Dosek Meridovni yuz yoshdan oshadi, degan xayolda yurardik. Garchand boboga jang-u jadallardagi og‘ir kunlar, urushdagi keyingi tiklanish yillari o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lsa-da, otaxon hali bardamdek tuyulardi. Xotiralari yaxshi edi. Sobiq jangchidan endi shirin xotiralar qoldi.
Bu yil 99 yoshni qarshi olgan Dosek Meridov urush boshlanganida 16 yoshda edi. U navqiron chog‘larida Vatan tinchligi, avlodlar baxt-u kamoli uchun qo‘liga qurol olib, jang maydonlarida dushman kuchlariga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Razvedkachi sifatida dushman joylashgan hududlarni aniqlab, uni yo‘q qilish uchun o‘z bo‘linmasiga aniq koordinatalarni berdi. Ana shunday xizmat qilayotgan kunlarning birida dushman kuchlarining qarshiligiga duch keldi. Qo‘liga daydi o‘q tegdi. Shunday bo‘lsa-da, u yuklatilgan vazifani muvaffaqiyatli ado etib, safdoshlariga zarur ma’lumotlarni yetkazdi. Jasur va mard askarga serjant harbiy unvoni berildi...

...Ikkinchi jahon urushi o‘zbekistonlik jangchilarning ham mislsiz qahramonliklari bilan yakunlandi. Musibatli shu yillarda ko‘plab mard o‘g‘lonlar ko‘kragini yurt tinchligi uchun qalqon qildi. Jang maydonlarida jon berdi. Otalar bilagi kuchga to‘lgan o‘g‘illarini, akalar mehribon ukalarini yo‘qotdi. Onalar farzand dog‘i bilan yashadi. Urushdan qaytganlarining aksariyati tanasida, hech bo‘lmaganda qalbida qattiq jarohat bilan keldi.
Ana shunday sobiq jangchilar safida sho‘rchilik Rahmonberdi bobo Mirzarahimov ham bor. Otaxon tabarruk 99 yoshni qarshi oldi. Buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan Rahmonberdi bobo farzandlari, bir etak nevara-chevaralari qurshovida qarilik gashtini surmoqda.

Rahmonberdi bobo Mirzarahimov urushga otlanganida 18 yoshda edi. O‘qchi polkida xizmat qilgan otaxon jang maydonlarida g‘animga qarshi mardonavor kurash olib bordi. Belarus, Latviya va Litva kabi davlatlarni bosqinchilardan himoya qilishda ishtirok etib, Berlin ostonasida g‘alabani nishonladi.
Pir-u badavlat otaxon bilan navbatdagi suhbat uchun u kishining xonadoniga ham bordik. Rahmonberdi bobo hovlidagi bedalarni o‘rib, bir chekkaga taxtlab qo‘yayotgan ekan. Quyuq salomlashib, hol-ahvol so‘rashdik, boboning xotiralarini tingladik.
– Urush boshlanganida ikki akamni olib ketishdi, – deydi bobo. – O‘sha zamonda urushga bo‘yga qarab, olib ketishardi. Bo‘ying eshik tepasiga yetar -yetmas bo‘lganida chaqirib qolardi. Urushga borasan, derdi. Akalarimni chaqirishgani hech ko‘z oldimdan ketmaydi. Rahmatli ota-onam ularni ko‘z yoshi bilan urushga jo‘natgan, kuzatib qo‘ygan edi. Shundan so‘ng ular qaytmadi. Bu jigarlarim bilan so‘nggi ko‘rishuvimiz bo‘lib qoldi. Bu holat otamning ham, onamning ham belini bukdi. Onam qishin-yozin goh eshikdan, goho derazadan mo‘ralab, akalarimni kutdi. Ko‘p o‘tmay menga ham urushga chaqiruv xati keldi…
Suhbatimiz endi qiziyotganida otaxondan hol-ahvol so‘raganida bir guruh o‘quvchilar kirib keldi.
Rahmonberdi bobo bolajonlarni xonaga taklif etib, ular bilan quyuq so‘rashdi. Biroviga sen palonchining nevarasi, boshqa biriga sen pismidonchining chevarasimisan,deya so‘rab-surishtirdi. Ular bilan oldingi uchrashuvlarni esladi.
Otaxonni jim kuzatib turar ekanmiz, ziyrakligi, xotirasiga havasimiz keldi. Bir pas o‘yga tolib turdi-yu, jang maydonlarini eslay boshladi. Okoplarda kechgan qo‘rqinchli, og‘ir kunlarni esga oldi. Dushman bilan jangga kirishgan lahzalarni ipga munchoq o‘tkazgandek hikoya qilib berdi. Qiziqib, ko‘p gapirib yuborganidan toliqdimi, ishqilib bir zum goh bizga, goh o‘quvchilarga termilgach, shunday dedi:
– Urushning nomi o‘chsin, bolalarim. Hamisha dunyoda tinchlik bo‘lsin! Ko‘p o‘qinglar. Vatanga munosib farzand bo‘lib ulg‘ayinglar. Ota-onalaringiz sizlar bilan faxrlanib yursin...!
Ayni paytda 2 farzandning otasi, 8 nevara va 14 chevaraning suyukli bobosi el e’zozida. Xonadoni u kishidan hol-ahvol so‘rash, qiziqarli gurunglariga sherik bo‘lish uchun kelgan yosh-u keksalar bilan to‘ladi. Otaxon urush tugagach, ko‘p yillar mexanizator bo‘lib ishladi. Xizmatlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shu kuni sherobodlik frontorti mehnat faxriysi 94 yoshdagi Tilov bobo Boltayev xonadonida ham bo‘lib, dildan suhbatlashdik. Gurung chog‘ida Tilov bobo urush davriga to‘g‘ri kelgan yoshlik yillarini shunday eslab qoldi:
– U yillarda “Hamma narsa front uchun”, degan shior bo‘lardi, – deydi otaxon. – Men bu ishni eplolmayman, bu ish menga to‘g‘ri kelmaydi, degan gapni birov eshitmasdi. Yosh-u qari tinim bilmay ishlab, mehnat qilardi. Kim bir burda non topsa ham front uchun edi. Hammaning qorni och-u ko‘zi to‘q edi. Shunday obod va to‘kin zamonda ayrim qorni to‘q, biroq nazari och odamlarga duch kelsam, urush va undan keyingi davrdagi ocharchilik yillari ko‘z oldimda gavdalanaveradi.

Bolalikdan og‘ir mehnat bilan ulg‘aygan 94 yoshli Tilov bobo Boltayevning hali ham tetikligini, mehnatkashligini ko‘rib, havasimiz keldi. Keng hovlining bir tarafidagi ixcham ustaxonada pichoq yasayotganini kuzatib, hayratimiz oshdi.
– Bu ham bir hunar, halol mehnat bolalarim, – dedi Tilov bobo. – Yosh ulg‘aygan sayin sog‘liq pand bera boshlaydi. Bir umr mehnat qilgan kishi uyda yotaversa ham bo‘lmas ekan. Tana og‘irlashib, kasal bo‘laverasan. Yaratgan egamiz umr bersa, yuz bilan yuzlashaman, deb turibman. Shu yoshimda o‘rinda yotib qolmasligim uchun harakat qilishdan to‘xtamay, shu hunar bilan mashg‘ulman.
Suhbatimiz yakunida otaxonga tan-sihatlik, kuch-quvvat tilab, xayrlashdik. Tilov bobo jahonga tinchlik, Vatanimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bardavomlik, yoshlarga umr so‘rab, duoga qo‘l ochdi...
Akbar Ahmedov,
III darajali serjant,
Termiz garnizoni.