Urug‘lik don yetishtirilayotgan g‘alla maydonlari nazoratda
Sirdaryo viloyatidagi har bir tumanning tuproq iqlim sharoitlariga mos boshoqli don ekinlarini serhosil, ertapishar, zang kasalliklari, sho‘r, qurg‘oqchilik va issiqlikka chidamli, don sifati yuqori bo‘lgan navlari urug‘liklarini yetishtirishni taqozo etmoqda.
Urug‘chilik ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi boshoqli don ekinlari hosildorligining 50 foizi seleksiya va urug‘chilik hisobiga to‘g‘ri kelsa, qolgan 50 foizi ilg‘or agrotexnika hisobiga to‘g‘ri keladi. Sifatli va hosildor sara urug‘ni ekish hosildorlikni o‘rtacha 20 foizga, ba’zi hollarda 25-30 foizgacha yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kelgusi yil hosili uchun boshoqli don ekinlari maydonlarini, istiqbolli va ekishga tavsiya etilgan, davlat standartlari talablariga javob beradigan urug‘liklar bilan ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, viloyatda 2022 yil hosilidan 20 ming tonna urug‘lik don jamg‘arish, shundan, Boyovut tumanida 8 ming tonna, Guliston tumanida 2 ming tonna, Mirzaobod tumanida 1 ming tonna, Oqoltin tumanida 2 ming 500 tonna, Sayxunobod tumanida 4 ming tonna va Sirdaryo tumanida 2 ming 500 tonna urug‘lik yetishtirish belgilangan.
Seminarda mas’ullarga va urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga birinchi navbatda aprobatsiya ko‘rigini shaffof o‘tkazish, aprobatsiya dalolatnomalarini to‘g‘ri to‘ldirish, o‘tgan yillarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tahlil qilish yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
– Aprobatsiya jarayonida urug‘lik maydonlarida kutilayotgan yalpi hosil, urug‘lik g‘alla miqdori, nav tozaligi, kasalliklar bilan zararlanish darajasi aniqlanadi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va ta’minotini nazorat qilish” bo‘limi bosh inspektori Bahodir Begimqulov. – Nav tozaligini amaldagi davlat standarti talabiga yetkazish maqsadida begona nav aralashmasidan tozalashga alohida e’tibor berayapmiz.
Aprobatsiyaning to‘g‘ri, xolisona va o‘z muddatlarida o‘tkazilishini ta’minlash “O‘zagroinspeksiya” inspektorlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Hosil salmog‘i – nav sifatiga bog‘liq. Demak, parvarishlanayotgan urug‘lik g‘alla aprobatsiyasini to‘g‘ri o‘tkazish kelgusi yil hosili uchun muhimdir.
Shuhrat Suyarov, O‘zA