Urug‘ sifati — hosil kafolati
Dehqon uchun hosilni yerdan olishdan avval uning poydevorini — urug‘ni tanlashdan muhimroq ish yo‘q. Zero, daladan olinadigan baraka, avvalo, ekilgan urug‘ning navdorligi va sifatidan boshlanadi. Shu bois Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida 2026-yil hosili uchun yetishtirilayotgan urug‘lik g‘o‘za maydonlarida dala aprobatsiyasi ko‘riklari izchil davom etmoqda.
Tumandagi urug‘lik paxta maydonlarida o‘tkazilayotgan aprobatsiya “O‘zagroinspeksiya”ning Zafarobod tuman bo‘limi nazoratida amalga oshirilmoqda. Jami 194,4 gektar maydondagi g‘o‘zaning navdorligi va genetik tozaligi, zararkunanda hamda kasalliklardan xoli ekani, o‘simliklarning umumiy holati belgilangan talablar asosida o‘rganilmoqda.
Aprobatsiya — shunchaki dalada o‘tkaziladigan navbatdagi ko‘rik emas. Unda urug‘likka mo‘ljallangan maydonning kelgusi avlod uchun qanchalik ishonchli ekani baholanadi. Ya’ni bugungi tekshiruv ertangi chigitning sifatini, pirovardida esa keyingi hosilning taqdirini belgilaydi.

Mazkur jarayon Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari asosida tashkil etilmoqda. Urug‘lik maydonlarida aprobatsiya o‘tkazish ustidan nazorat “O‘zagroinspeksiya”ning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ayni paytda bu jarayonda raqamli imkoniyatlardan ham samarali foydalanilmoqda. Joriy yilda dala aprobatsiyasi maxsus planshetlar hamda “E-urug‘” axborot tizimi orqali elektron shaklda qayd etilmoqda. Bu ma’lumotlarni dala sharoitidayoq kiritish, monitoring qilish, jarayon shaffofligi va natijalarning aniqligini ta’minlash imkonini bermoqda.

Bunday raqamlashtirish, avvalo, urug‘chilikda “Kim, qachon, qaysi maydonni, qanday holatda baholadi?” degan savollarga aniq javob olish imkonini beradi. Bu esa inson omili bilan bog‘liq xatolarning oldini olish, ma’lumotlarni tizimli saqlash va nazorat samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aprobatsiya jarayonida aniqlangan kamchiliklarni barvaqt bartaraf etishga ham e’tibor qaratilmoqda. Urug‘chilik sub’ektlariga amaldagi normativ talablarga rioya etish, nav tozaligini saqlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, urug‘lik maydonlarini belgilangan talablar asosida parvarishlash yuzasidan amaliy va uslubiy tavsiyalar berilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad bitta — kelgusi mavsum uchun tasodifiy emas, balki talabga javob beradigan, navdor va sifatli urug‘lik chigit zaxirasini yaratish.
Chunki hosil daladan boshlansa-da, uning sifati urug‘dan boshlanadi. Bugun urug‘lik maydonidagi har bir o‘simlikka berilgan e’tibor ertaga qancha hosil olinishida o‘z aksini topadi. Zafaroboddagi aprobatsiya ishlarining ahamiyati ham shunda: kelgusi hosilning ishonchli poydevori bugundan yaratilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri