Urgutlik yoshlarning qanday muammolari bor?
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Ahmedov urgutlik yoshlar bilan uchrashdi.
Urgut tumani Samarqand viloyatining aholisi eng ko‘p hududlaridan biridir. Aholi orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Albatta, ularning murojaat va masalalari ham kam emas. Shuning uchun DXX viloyat boshqarmasi rahbari bundan besh oy oldin tumanning chegaraoldi hududidagi mahallalar yoshlari bilan uchrashib, ularning orzu va maqsadlari, muammo va masalalarini eshitgan edi.

Bu galgi rahbar va yoshlar uchrashuvida Urgutning boshqa hududlarida istiqomat qilayotgan, shuningdek, xorijdagi yigit-qizlar ishtirok etdi.
A.Ahmedov dastlab mamlakatimizning yoshlarga oid siyosati, yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlarning yutuqlari e’tirof etildi.

Shundan so‘ng urgutlik yoshlarning takliflari, muammolari eshitilib, aksariyat masalalar shu yerning o‘zida viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi hamda tuman sektorlari rahbarlari ishtirokida hal qilindi.
Xususan, Uzunsoy mahallasining faol yoshlaridan biri, sport murabbiyi Dilmurod Primovning erkin kurash to‘garagida shug‘ullanayotgan yoshlarning mashg‘ulot sifatini oshirish uchun sport gilami so‘rab qilgan murojaati qanoatlantirildi.
Omonqo‘ton mahallasida yashovchi Mansur Sultonov esa tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida ekanini aytib, milliy an’ana va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi turistik markaz ochish uchun imtiyozli kredit olishda yordam so‘radi. Bu masala tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etilishi aytildi.

Qoratepalik Shahrizoda Mirzayeva davlat xavfsizlik xizmati sohasiga qiziqishi yuqori ekanligini aytib, ushbu yo‘nalishda o‘qish va ishlash uchun tavsiyanoma berishlarini so‘radi. Boshqarma boshlig‘i Shahrizodani qo‘llab-quvvatlashini bildirib, mutasaddilarga topshiriq berdi.

Shuningdek, uchrashuvda ayni paytda xorijda bo‘lib turgan bir guruh urgutlik yoshlarning masalalari ham eshitildi. Jumladan, Rossiyaning nufuzli universitetlaridan birida tahsil olayotgan M.Hakimov o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishda yordam so‘radi. Bu masalada mutasaddilar unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi aytildi.
Uchrashuv so‘ngida bir guruh yoshlarga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari