Urgut innovatsion hudud: dastlabki qadamlar
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mamlakatimizning innovatsiyalar sohasidagi global reytingdagi ilg‘or 50 davlat ro‘yxatiga kiritishga qaratilgan strategik dastur tasdiqlandi. Ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi, ilm-fan sohasida yuqori malakali kadrlarni moliyaviy rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha shart- sharoitlar yaratildi.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2021 yil 1 apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 13 ta tuman “Innovatsion hudud”ga aylantiriladigan bo‘ldi. Jumladan, Samarqand viloyatining Urgut tumani ham.

Respublikamiz viloyatlari va tumanlarini innovatsion hududga aylantirishda avvalo ilm-fan natijalarini tez sur’atlarda joriy etish va shu orqali hudud aholisining og‘irini yengillatish, yurtimiz ahli qayerda yashashidan qat’i nazar, innovatsiyalardan bahramand bo‘lishini ta’minlash maqsad qilingan. Bunda ilm-fan natijalari, innovatsiyalarni hayotga joriy etishda har bir hududning xususiyatidan kelib chiqiladi. Shu jihatdan, Urgutning o‘ziga xos xususiyati uning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashganidir.

Dastlabki qadamlar sifatida Urgutda takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasi yaratilmoqda.
Tumanda 520 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu esa ekin yerlaridan samarali foydalanib, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish zaruratini taqozo etadi. Bu masalani hal qilishning samarali yo‘llaridan biri - maydonlarga takroriy ekinlarni ekishdir. Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari tomonidan yaratilgan, takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmani ishlab chiqarishga joriy etish ushbu masalani samarali yechishga xizmat qiladi.

Tumanda 28 ming gektar maydon ekin ekishga mo‘ljallangan bo‘lsa, shundan 8 ming gektariga takroriy ekinlar ekiladi. Filialda yaratilgan takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasini yaratish bo‘yicha amaliy loyiha qishloq xo‘jaligida asosiy ekindan so‘ng, shu yilning o‘zida hosil beruvchi o‘simliklarni ekishning sifatini oshirishga qaratilgan. Mazkur qurilmaning qo‘llanilishi suvning 17,3 foiz tejalishiga va yonilg‘i sarfining 2,8 marta kamayishiga, mehnat unumdorligining esa 25 foiz oshishiga olib keladi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi, xususan dorivor va texnik o‘simliklarni yetishtirish, yo‘l qurilishi, elektrotexnika, avtomobilsozlik sohalariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish takliflari berildi. Urgut tumanidagi 760 gektar yer maydonini dorivor o‘simliklar yetishtirish va ularni qayta ishlash bo‘yicha taklif muhokama qilinarkan, urug‘ yetishtirish va seleksiya qilish yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish uchun laboratoriya va zavod qurish zarurati mavjud. Mazkur zavod 400 tonna urug‘, 4000 litr yog‘, 1500 tonna tola, 7500 tonna poya ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etishning eng muhim omillaridan biri – yo‘llarning sifatini oshirish maqsadida yo‘l qurilishiga Avstraliya texnologiyasini tatbiq etish taklif etilmoqda. Agar an’anaviy qurilish ishlari amalga oshirilganida 1 navbatda 250 kv.m yo‘l qurilsa, bu texnologiyada 5 ming kv.m yo‘l qurilishiga erishiladi. Yo‘l qurilish xarajatlari 1 kvadrat metri 120 ming so‘mdan 50 ming so‘mga qisqaradi, yo‘ldan foydalanish muddati esa 4 yildan 15 yilga oshadi. Bundan tashqari, yo‘l qurilishining ekologik xavfsizligi ham ta’minlanadi.
Shuningdek, tumanda alkotester, avtomobillar uchun SOS qurilmasi, avtomobil muzlatkichlari, elektron turniket ishlab chiqarish hamda Samarqand viloyati ko‘zi ojizlar jamiyati uchun loyihalar mavjud. Yoshlarni ilm-fanga qiziqishini oshirish maqsadida “TexnoBus” mobil ta’lim platformasini joriy etish ko‘zda tutilgan. “TexnoBus” chekka hududlarda yashovchi yoshlarning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarida bilim olishlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda robototexnika, dasturlash, VR/Ar texnologiyalari, qayta tiklanadigan energiya manbalari, 3D protiplash, sun’iy intellekt yo‘nalishlarida ta’lim beriladi. Ushbu platforma innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan yoshlar texnoparklarining asosini tashkil etish va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirishga qaratilgan.
A.NARBOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Samarqand viloyati innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi ilmiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi.
O‘zA