Urganchda yoshlarning IT sohasiga qamrovi kengaytiriladi
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Urganch shahridagi “DATA” innovatsion o‘quv markazida bo‘lib, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari va Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari, tadqiqotchilari, shuningdek, yosh izlanuvchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda yoshlarni ilm-fanga jalb qilish masalasi muhokama qilinib, xususiy sektor ehtiyojlari ilmiy yechimlariga qaratilgan loyihalarni ilgari surish lozimligi qayd etildi.
Hozirda eng yuqori haq to‘lanadigan kasb-hunarlar reytingini investitsion va lizing kompaniyalari, axborot texnologiyalari egallamoqda. Ushbu soha xodimlarining daromadi anchayin yuqori, ammo bu sohadagi mutaxassislarning malakasiga katta talablar qo‘yiladi.
Shu munosabat bilan yoshlarga axborot texnologiyalari sohasida bilim beruvchi “DATA” innovatsion o‘quv markazida faoliyat yuritayotgan yoshlar Innovatsion rivojlanish vaziriga markazni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida murojaat qildi. Vazir Xorazm viloyatining ilmiy salohiyati, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, xususiy sektorning innovatsion faolligini oshirish uchun yoshlarning axborot texnologiyalari sohasiga kirib kelishini ta’minlash maqsadida bu loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

– Nafaqat O‘zbekiston mehnat bozori, balki butun dunyoda dasturchilarga ehtiyoj yuqori, – dedi I. Abdurahmonov. – Xususiy sektorning innovatsion faolligini oshirishda raqamli texnologiyalarning o‘rni beqiyos. Mana shu markazda ta’lim olgan yoshlar o‘z loyihalari bilan Xorazm viloyatining innovatsion ekotizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda mazkur o‘quv markazida 11 yo‘nalish bo‘yicha 3-9 oylik o‘quv kurslari tashkil etilgan bo‘lib, bir paytning o‘zida 320 nafardan ortiq o‘quvchi o‘qishi mumkin. Bir yilda 1 ming 280 nafar o‘quvchi bitirib chiqadi. 32 ta ish o‘rni tashkil etilgan.
2021 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi ko‘magi bilan markaz hududini kengaytirish, kompyuterlar sonini 190 taga, yo‘nalishlar sonini 17 taga, yangi ish o‘rinlarini 81 taga yetkazish rejalashtirildi. Shunda bir paytning o‘zida 1 ming 320 nafar o‘quvchini o‘qitish imkoniyati paydo bo‘lib, yiliga 5 ming 280 ta talabgor qamrab olinadi.

Hozirda markazda har yakshanba kuni chet ellik mutaxassislar ishtirokida bepul trening va master klasslar o‘tkazib kelinmoqda. Markazda tahsil olib, bitirib chiqqan 50 nafardan ortiq yosh viloyatning video studiyalari, arxitektura firmalari va IT-korxonalarga ishga joylashtirilgan, 20 nafardan ortig‘i frilanserlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.
O‘zA