Urf-odatga aylangan konunlar, konunga aylangan urf-odatlar…
Odat – bu har qanday ijtimoiy guruh yoki jamiyatda takrorlanadigan va uning a’zolari uchun odatiy holga aylangan xatti-harakatlar.
Odat muayyan vaziyatdagi harakatlarning batafsil sxemasiga asoslanadi. Masalan, oila-a’zolariga qanday munosabatda bo‘lish, nizolarni qanday hal qilish, qanday qilib biznes munosabatlarini qurish va boshqalar. Eskirgan odatlar ko‘pincha vaqt o‘tishi bilan zamonaviy talablarga mos ravishda yangilari bilan almashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
bugungi kunda huquqning asosiy manbalaridan biri sifatida odatlar ham ko‘rsatib kelinadi. Huquqiy odatlarning shakllanishi ko‘p yillik tajriba natijasida yuzaga keladi (va bu bilan ular yozma huquqdan sezilarli farq qiladi). Masalan, Kavkaz xalqlari o‘rtasida huquq tizimining yaratilishiga nafaqat Rossiya qonunchiligi va shariat me’yorlari, balki tog‘lilarning ko‘p asrlik an’analari ham katta ta’sir ko‘rsatdi.
Qonunchiligimizda ham aynan shu kabi milliy urf-odatlarimizni o‘zida aks ettiruvchi normalar amalga tatbiq etilganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Oila qonunchiligiga ko‘ra, qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillariga zid bo‘lmagan mahalliy urf-odat va an’analar qo‘llaniladi. Qolaversa, oila qonunchiligini tartibga soluvchi barcha qonun hujjatlarida urf-odatlarning yaqqol namunasini ko‘rishimiz mumkin. Ota-onaning o‘z farzandalari oldidagi majburiyatlari, voyaga yetgan farzandlaring o‘z ota-onalari oldidagi majburiyatlari, nikoh tuzishda har ikki tomonning roziligi kabi holatlarda milliy urf-odatlar aks ettirilgan.
Qolaversa, fuqarolik qonunchiligida ham tegishli normalar bo‘lmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va an’analar qo‘llaniladi. Shuningdek, fuqarolik qonunchiligining bitimlarni tuzishda, majburiyatlarni bajarishda, mol-mulkni meros orqali olishda, fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashda va boshqa holatlar xalqimiz tomonidan doim amal qilib kelinayotgan odatlar qonun normasi bilan mustahkamlangan.
Shuningdek, jamiyatda yoshi kattalarni e’zozlash, ularning fikrini eshitish hamda katta tadbirlarni ularning maslahatlari bilan tashkil qilish alohida urf-odat sanaladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 santyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi qarori bilan mahalladagi muammolarni hal etish, milliy urf-odat, an’ana va marosimlarni tashkil etish hamda o‘tkazishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish maqsadida «Keksalar maslahati» guruhlari tashkil qilindi.
Ushbu guruhning asosiy maqsadlaridan biri – bu loqaydlik, oilaviy kelishmovchiliklar va yoshlar o‘rtasida «ommaviy madaniyat» ko‘rinishidagi salbiy illatlar tarqalishining oldini olish, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashdir.
Milliy urf-odatlarimizning ko‘rki sanalgan to‘y-hashamlarni o‘tkazish yuzasidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Unda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etilgan.
Xususan, jamiyatda “ta’ziya uch kun” degan gap bor. Aynan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining va Senat kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi qo‘shma qaroriga asosan, dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida o‘tkazilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Boshqa tomondan, davlat tomonidan qabul qilingan qonunlar hamda ularda keltirilgan umummajburiy tusga ega bo‘lgan normalarga fuqarolar tomonidan doimiy ravishda amal qilib kelinishi ularning o‘ziga xos odatga aylanganligidan dalolat beradi. Xususan, bugungi kunda nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘takazilishi odatga aylandi.
Qolaversa, har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda ijtimoiy ta’minot olish huquqi ham odat tusiga kirgan.
Ushbu misollardan tushunishimiz mumkinki, davlat tomonidan fuqarolarga huquq sifatida qayd etilgan munosabatni ixtiyoriy va doimiy tarzda amal qilinib kelinishi shu qonunning odatga aylanganligidan dalolat beradi.
Shunga qaramay, urf-odatlar bilan qonun normalari bir-biriga mos kelmay qolgan taqdirda, ko‘pincha fuqarolar urf-odatlarga amal qilishni afzal ko‘rishadi.
Qonun va urf-odat qoidalarini solishtirishda asosiy muammolardan biri ularning kuchi, bu qoidalar qo‘llaniladigan shaxslar tomonidan qay darajada qabul qilinishi va ularga rioya etilishini tahlil qilishdir.
Bu kabi holatlarni quyidagicha tasniflash mumkin:
Birinchidan, fuqarolarning huquqiy bilimlari yetishmasligi bois atrofdagilarning xatti-harakatlarini o‘zi uchun to‘g‘ri deb biladi. Ikkinchidan, huquq normalari murakkab tuzilishga ega bo‘lib, normalarda ko‘rsatilgan atamalar, tushunchalar fuqarolar anglab yetishi uchun qiyin bo‘lishi mumkin. Urf-odatlar og‘izdan-og‘izga, kattalardan kichiklarga sodda ko‘rinishda yetkazib kelinadi.
Uchinchidan, ayrim fuqarolar konunda ko‘rsatilgan tartiblarni yaxshi anglab yetgan bo‘lsada, ularda yillar davomida shakllanib kelgan qarashlardan voz kechish murakkab kechishi mumkin. Ya’ni, insonlar ongiga yoshlikdan biror harakatni bajarish nomaqbul ekanligi uqtiriladi hamda ushbu holat doim takrorlanib keladi.
To‘rtinchidan, qonun normalari talablarini bajarmaslik bir martalik javobgarlikni keltirib chiqaradi, aksincha jamiyatda belgilangan urf-odatlarni bajarmaslik kishilar o‘rtasida ko‘p vaqt muhokamaga sabab bo‘ladi va ushbu holat takrorlanib turadi.
Beshinchidan, qonunlarga doim amal qilib kelish insonlarga doim rag‘bat olib keltirmasligi mumkin, urf-odatlarga uzluksiz amal qilish kishining jamiyatdagi obro‘-e’tiborini yuksaltiradi.
Urf-odat va huquqiy me’yorlarni tavsiflovchi o‘xshashlik va farqlarni taqqoslashda har bir kishi o‘zining turli sohalarida bajaradigan ijtimoiy funksiyalarni o‘rganishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonunlarni qabul qilishda jamiyatda qo‘llanib kelinayotgan urf-odatlarni inobatga olgan holda qabul qilish hamda aholi o‘rtasida qonunlarni bilish darajasini oshirish, fuqarolar o‘rtasida qonunlarga hurmat hamda rioya etish madaniyatini oshirishga ulkan hissa qo‘shadi.
Sevara O‘rinbayeva,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi,
O‘zJOKU 1-bosqich magistranti.
O‘zA