Upar momoga havasimiz keldi
Yuqori tallashqon mahallasida yashaydigan tabarruk momo yoshligida taqdirning koʻplab ogʻir sinovlariga duch keldi. Ikkinchi jahon urushi yillarida turmush oʻrtogʻi Shodmon Arabov Vatan himoyasiga yoʻl oldi.
Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi eng yoshi ulugʻ onaxon Upar momo Shodmonova joriy yilda 103 yoshni qarshi oldi.
Yuqori tallashqon mahallasida yashaydigan tabarruk momo yoshligida taqdirning koʻplab ogʻir sinovlariga duch keldi. Ikkinchi jahon urushi yillarida turmush oʻrtogʻi Shodmon Arabov Vatan himoyasiga yoʻl oldi. Bu vaqtda front ortida er-yigitlar vazifasini bajarib, mehnat qilish ayollar zimmasiga tushdi. Jangchilar uchun kiyim-kechak, oziq-ovqat hozirlashdi. Upar aya ham koʻpchilik qatori tinib-tinchimadi. Choʻpon boʻlgan turmush oʻrtogʻining qoʻlidagi tayoqni olib qolib, jamoa xoʻjaligi qoʻylarini boqdi. Ularni sogʻib, sutu-qaymogʻini frontga joʻnatdi.
Mudhish kunlar, yillarga ulandi. Nihoyat, urush tugab, Shodmon Avazov oilasi bagʻriga qaytdi. Lekin, umri qisqa ekan. Kenja farzandi uch oylik boʻlganida janggu-jadallardan omon qaytgan Sh.Avazov bu yorugʻ dunyoni tark etdi. Yana roʻzgʻor tebratish, 4 nafar farzandni boqish yolgʻiz ona zimmasida qoldi.
Upar aya kechalari ertangi kun haqida oʻylar, oʻgʻil-qizlarining qornini toʻygʻazish gʻamini yer edi. Halol mehnati, peshona teri ortidan oʻzi toʻyib yemasa ham jondan aziz bolalarini boqdi. Kamolga yetkazdi. Endilikda farzandlari, nabira-yu, chevaralari rohatini koʻrib, umrguzaronlik qilmoqda.
–Hayotim davomida bugungidek farovon turmushni koʻrmaganman, – deydi Upar momo.¬ – Ogʻir yillarni boshdan oʻtkazib, bolalarimni katta qildim. Bir burda non uchun kechani-kecha demay ishladim. Farzandlarim ulgʻaygach, uyli joyli boʻldi. Nabira, chevara koʻrdim. Ogʻir damlar ortda qoldi. Lekin, ikki farzandimning oʻlimini eslasam hali ham qalbimni larzaga soladi.
Ona uchun bundan ogʻir, zalvorli yuk boʻlmasa kerak. Shunday paytda nevara, chevaralarimning baxtli yashayotgani, ularning quvonchi koʻnglimga dalda boʻladi. Mamlakatimizda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor esa yoshimga yosh qoʻshayotganiga har tong shukrona aytaman. Bundan ruhlanib, mahallamiz yoshlariga, nevara-chevaralarimga koʻrgan-kechirganlarimni, hozirgi hayotimni gapirib, ularga maslahat berib oʻtiribman.
Ayni paytda Upar momoning 30 nafar nabirasi, 54 nafar chevarasi bor. Onaxon bilan suhbatlashib, irodasi oʻta mustahkam, hali ham xotirasi kuchli ekaniga havasimiz keldi. Yuz yoshdan oshgan boʻlsalar-da, nabira-yu, chevaralarining ismini, tugʻilgan sanasini adashmay aytib berdi. Bularning barchasini halol mehnat, halol rizq, toʻgʻri soʻz va qarilikdagi osuda turmush mevasi, deb bildik.
Yuz yoshdan oshgan momo bugungi dorilomon kunlarga shukrona aytib, har tong yurtimizning tinchligi, obodligini soʻrab duoga qoʻl ochadi. Xonadonlarga fayz, bemorlarga shifo, yoshlarga umr tilaydi.
Ha, hayot murakkab. Baʼzan u oʻzining mehr-muruvvatini koʻrsatsa, goho turli sinovlar bilan imtihon qiladi. Inson esa oʻz sabr-toqati, irodasi orqali barcha sinovlarni yengib oʻtadi. Bunga yurtimiz duoguylaridan biri¬ Upar momo Shodmonovaning turmushi ham yaqqol dalildir. Tabarruk yoshdagi bobo-momolarimiz hayoti yoshlar uchun haqiqiy ibrat maktabi ekanini hech qachon unutmasligimiz kerak.

Gavhar Jumayeva,
Angor tumani hokimligi
axborot xizmati rahbari