UNWTO: ilg‘or tashabbus va samarali takliflar (+video)
Joriy yil 16-20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining tarixiy 25-sessiyasi o‘tkazildi. E’tiborli jihati, mazkur yirik anjumanda 130 dan ortiq xorijiy delegatsiya vakillari va 80 ga yaqin turizm vazirlari ishtirok etdi. Biz bugungi suhbatimizda ushbu sessiyada ilgari surilgan takliflar, muhokama qilingan mavzular bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Feruz Dodiyev bilan birgalikda fikr yuritamiz.
– Samarqanddagi xalqaro sessiya yuqori darajada o‘tdi. Bu haqda nafaqat o‘zbekistonlik hamkasblarimiz, balki ko‘plab xorijiy OAVlarda ham keng yoritildi. Shuningdek, yubiley sessiyaning ochilish marosimida davlatimiz rahbari ham nutq so‘zladi va qator takliflarni ilgari surdi. Keling, dastlab shular xususida suhbatlashsak.
– Bilasizmi, UNWTO Bosh assambleyasining yubiley 25-sessiyasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi biz uchun katta bayram bo‘ldi. Sababi, mazkur sessiyani o‘tkazishga da’vogarlik qilgan Misr va Portugaliya emas, aynan O‘zbekiston tanlangani ham bejiz emas. Fikrimcha, nomzodlarni tanlash jarayonida nafaqat turizm maskani sifatida o‘sha yurtning tanilgani, balki dolzarb masalalarga yechim va takliflar berayotgani muhim hisoblanadi.
Hammamizga ma’lumki, Butunjahon turizm tashkilotiga ayni paytda 159 ta davlat a’zo. Bundan ko‘rinib turibdiki, tashkilot O‘zbekistonni turizm sohasidagi muhim bir davlat, ishonchli hamkor sifatida tan olganini anglash mumkin.
Shu nuqtai nazardan ham, mazkur nufuzli yig‘in biz uchun ham, mintaqa uchun ham tarixiy tusga ega bo‘ldi hamda kelajakda turizm sohasida rivojlanish bosqichlarini belgilab beruvchi asosiy omilga aylandi.
Bildirilgan taklif va tashabbuslarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Prezidentimizning rasmiy ochilish marosimida xorijiy delegatsiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik va qutlovlari bilan bir qatorda global mavzularni o‘z nutqida aks ettirgani va bu bo‘yicha bildirgan fikrlari, dolzarb masalalarga yechimlar taklif etgani mehmon davlatlar vakillari tomonidan ijobiy qabul qilindi.
Ayniqsa, salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimi qo‘llanilayotgani, yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilayotgani va mamlakatimizda turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobarga o‘sganligi davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilishni taklif etdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimizga jami 7 million sayyoh tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan. Ushbu ko‘rsatkichni 2030 yilga borib 15 millionga, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazish rejasi ma’ruzada alohida aytib o‘tildi.
Ahamiyatli tomoni – sessiya doirasida Samarqandga “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” maqomini berish to‘g‘risida deklaratsiya hamda Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida bitim qabul qilindi. Hujjatlar O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tomonidan imzolandi.
– Mazkur sessiya doirasida investitsiya forumi, xalqaro ta’lim forumi, “Eng yaxshi turizm qishloqlari”ni taqdirlash marosimi va qator yalpi majlislar ham o‘tkazildi. Muhim ahamiyatga ega ushbu tadbirlarda nimalar muhokama qilindi?
– Hozirda shiddat bilan ilgarilab borayotgan turizm sohasida yangi talablar: xavfsizlik, xizmat ko‘rsatish kafolati, raqamlashtirish bosqichlari, sayyohlik sohasida malakali kadrlarni tayyorlash masalasi muhim bo‘lib turibdi. Shundan kelib chiqib, sessiya doirasida turizm sohasida ta’lim forumining o‘tkazilishi bejiz emas.
Forum davomida O‘zbekiston va mintaqaning turizmga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashildi, yangi startaplar joriy qilindi. Soha bo‘yicha qaysi davlatda muvaffaqiyatli tajriba bo‘lsa, uni qolgan davlatlarda ham amalda qo‘llash bo‘yicha fikrlar berildi.
Turizm sohasida zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega yoshlarni maktab paytidanoq tayyorlab borish mavzusi ko‘tarildi. Hatto Samarqand viloyatida turizm sohasi bo‘yicha pilot loyiha tajriba sifatida joriy qilinishi aytildi.
Xususan, Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili yurtimizning potensiali haqida gapirar ekan: “O‘zbekiston juda ko‘p yosh iste’dodlar va ulkan salohiyatga ega mamlakat. Biz yoshlarni qo‘llab-quvvatlashimiz, ularga ta’lim berishimiz, salohiyatini oshirishimiz va turizm kelajagini aynan yoshlar atrofida qurishimiz lozim. O‘zbekiston aynan shu yo‘ldan bormoqda”, deya ta’kidladi.
Investitsiya forumi ham yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Mazkur tadbirga investorlar, mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, yangi turizm mahsulotlari joriy qilishga ixtisoslashgan tashkilot vakillari tashrif buyurdi.
Shuningdek, Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi hududida joylashgan “Ekspomarkaz”da O‘zbekistonning barcha viloyatlari turizm-investitsiya salohiyati – Zomin, Chorvoq, Chimyon kabi 3 ta turistik-rekreatsion zonalar, Markaziy Osiyo davlatlari stendlaridan tashkil topgan ko‘rgazma ham tashkil etildi.
UNWTO tomonidan “Eng yaxshi turizm qishloqlari” loyihasi joriy qilinganligi tarixiy voqelik bo‘ldi. Sessiya doirasida shu bo‘yicha alohida nominatsiyalar ham tashkil qilindi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kc5cyGOHqUw" title="UNWTO: ilg‘or tashabbus va samarali takliflar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Bundan asosiy maqsad, olis hududlardagi mahalliy boshqaruv organlarini rag‘batlantirish, qolaversa, eng chekka hududlarda ham turizmni targ‘ib qilishdir.
Taqdirlash marosimiga 50 dan ortiq turizm qishloqlari joylashgan shahar va tumanlarning hokimlari tashrif buyurdi. Yaponiyaning Nara shahridan tortib, Lotin Amerikasidan kelgan vakillarga nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar topshirildi. Ayniqsa, Navoiy viloyatida joylashgan “Sentob” qishlog‘ining ham g‘oliblar safidan joy olgani quvonarli bo‘ldi.
Suhbatning to‘liq shaklini O‘zAning “YouTube” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
O‘tkir Alimov suhbatlashdi, O‘zA