Universitet yangi o‘quv yiliga tayyor
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida matbuot anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rektori Baxtiyor Mardonov qabul jarayonining yakuni, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik va universitet ilmiy salohiyati haqida ma’lumot berdi.
Bugungi kunda universitetda 4 ta - Konchilik, Energo-mexanika, Kimyo-metallurgiya va Qishloq xo‘jaligi fakultetlarida 24 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 19 ta magistratura yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanmoqda. 2022-2023 o‘quv yilida talabalar soni 8515 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilida 9500 nafarga yetkazildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 martdagi “Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, joriy o‘quv yilidan boshlab 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ochildi, – deydi universitet rektori B.Mardonov. – Shuningdek, “Logistika”, “Bino va inshootlar qurilishi”, “Muhandislik kommunikatsiya tizimlari qurilish va montaji”, “Qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va ularni ishlab chiqarish texnologiyalari” hamda “Metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish” kabi 5 ta magistratura mutaxassisliklari ochildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida ilmiy ishlar va innovatsiyalar sohasida 22 ta himoya ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
[gallery-13382]
Universitet jamoasi tomonidan umumiy qiymati qariyb 14,4 milliard so‘mlik ilmiy-innovatsion loyihalar, jumladan, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 5 ta davlat granti, korxonalarning muammolari yechimiga oid 17 ta xo‘jalik shartnomalari, korxonalar va tashkilotlarga turli xildagi xizmat ko‘rsatish va servis bo‘yicha 1 ta hamda xorijiy universitetlar bilan 6 ta xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda universitetda tahsil oluvchi talabalarning qiziqishlariga qarab 77 ta to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, ularning 9 tasi to‘liq laboratoriya-texnik sharoitlarga ega.
Universitetning ta’lim va tadqiqot jarayonlariga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali hamkorlik ishlari olib borilmoqda. 2022/2023 o‘quv yilida universitetga Ispaniya, Germaniya, Angliya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlardan 34 nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb etildi.
Shu kunga qadar, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bilan xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumlari soni 73 tani tashkil qilmoqda.
Ayni paytda universitetda 27 ta guruhda sertifikati bor talaba va o‘qituvchilar tanlab olingan holda mutaxassislik fanlari bo‘yicha darslar ingliz tilida o‘tiladi. Hozirda 700 o‘rinli talabalar turar joyi mavjud. Shuningdek, davlat-xususiy sherikchiligi asosida 5 qavatdan iborat 400 o‘rinli yotoqxona qurilmoqda. Ushbu maskan 2025 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor va tyutorlar ijarada turuvchi talabalar hamda ularning ota-onalari bilan bog‘langan holda ish olib bormoqda.
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga universitet rektori batafsil javob qaytardi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA