Universitet va maktab hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda oliy ta’limni isloh qilish, o‘qitish tizimini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Andijon davlat universitetida ham bu borada muayyan ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda universitetda bakalavr yo‘nalishida 56 ta mutaxassislik bo‘yicha 13 ming 989 nafar talaba, 25 ta ixtisoslik bo‘yicha 525 nafar magistr tahsil olmoqda. Mavjud 37 ta kafedrada 847 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Ulardan 41 nafari fan doktori, 226 nafari fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega. Universitetimiz ilmiy salohiyatini ko‘tarish, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida professor-o‘qituvchilarimiz va iqtidorli talabalarimiz tomonidan 32 ta monografiya, 14 ta darslik, 92 ta o‘quv, 71 ta uslubiy qo‘llanma yaratildi. Shuningdek, 1 ta patent, 52 ta axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid dastur va elektron ma’lumotlar bazalari uchun guvohnomalar olindi.
O‘tgan yili davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida akademik Sirojiddin Zaynobiddinov rahbarligida bir necha yil davom etgan “Kristallarda kirishma nuqsonli mikro va nanobirikmalar hosil bo‘lish mexanizmlari va ularning keng imkoniyatli ko‘p qatlamli strukturalar yaratishdagi roli” loyihasi yakuniga yetkazildi. Loyiha davomida qator ilmiy natijalarga erishildi. Maktabgacha ta’lim kafedrasida esa “Oliy ta’lim muassasalarida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining zamonaviy didaktik ta’minotini yaratish” nomli amaliy loyiha ustida izlanishlar olib borildi. Natijada ta’lim-tarbiya jarayonining bevosita ijrochisi bo‘lgan tarbiyachilar uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanma, elektron shakldagi uslubiy ishlanma va ta’limiy multimediya mahsulotlari tayyorlandi. Shuningdek, oliy ta’lim, maktabgacha ta’lim va oila hamkorligini ta’minlash bo‘yicha mavjud tajribalar o‘rganildi. Ana shu asosda hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqildi. Loyiha doirasida qator amaliy-uslubiy ishlar amalga oshirildi.
Xususan, viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda “Mahorat maktablari” o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur kurslar maktabgacha ta’lim tashkilotlari mutaxassislarining bilim va malakasini oshirishga, sohadagi ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirishga yordam bermoqda. Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim fakulteti metodik markazi qoshidagi “Ilg‘or tajriba minbari” onlayn guruhi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Viloyatdagi ilg‘or, yetakchi metodistlar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ilmiy-metodik ishlarga jalb etilgan mutaxassislar bilan bevosita ishlar olib borildi. Telegramm kanalida ochilgan maxsus guruh orqali viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mutaxassislariga ilg‘or tajribalar bo‘yicha materiallar taqdim etilib, ular professor-o‘qituvchilar tomonidan ilmiy-metodik jihatdan sharhlab borildi. Bu tarbiyachilarning bilimi va kasbiy malakasini yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Joylarda o‘tkazilgan ko‘chma mashg‘ulotlar, tarbiyachilar ishtirokidagi tadbirlar jarayonida maktabgacha ta’lim tashkiloti va oila, ota-onalar hamkorligi, shuningdek, hozirda amalda bo‘lgan “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturini amalga oshirishda qator kamchilik va muammolar borligi aniqlandi. Hozirda ularni bartaraf etish, ularga ilmiy-metodik jihatdan yechim topish ustida ish olib borilmoqda. Loyiha ishtirokchilari tashabbusi bilan Germaniyadagi Bremen universiteti bilan maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Maktabgacha ta’limning Germaniya tajribasi” mavzusida onlayn ilmiy-amaliy vebinar o‘tkazildi.
Universitetda davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini jonlantirish, xususan, fundamental va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha loyihalar tayyorlash ko‘lami va sifatini oshirish maqsadida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari va fanlar akademiyasining yetakchi olimlari, Fan va texnologiyalarni muvofiqlashtirish markazi xodimlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizdagi maktablarda ta’lim sifati, muallimlar salohiyati va o‘quvchilarning oliygohlarga kirish darajasi ancha pastligi ta’kidlanib, buning eng asosiy sababi maktablarda o‘qitish metodikasining eskirganligi, zamonaviy ta’lim uslublarini joriy qilish bo‘yicha tashabbuslar yo‘q ekanligi aytilib, bu borada amalga oshirilishi muhim vazifalar belgilab berildi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib, universitetda umumta’lim maktablari uchun malakali kadrlar tayyorlash ishini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, umumta’lim maktablari bilan hamkorlikni ko‘lamini kengaytirish, maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyihani ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etishga ko‘maklashish borasida jamoamiz o‘z oldiga muhim vazifalarni belgilab oldi. bugungi kunda universitetimiz Oltinko‘l hamda boshqa qator tumanlardagi 20 dan ortiq umumta’lim maktablari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Professor-o‘qituvchilarimiz ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda pedagog-xodimlarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha umumta’lim maktablarga biriktirilgan, o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolangan. Xususan, Ingliz tili va uni o‘qitish uslubiyati kafedrasi tomonidan “Yosh kadrlarga uslubiy ko‘mak va darslarni sifatli tashkil etish masalalari” mavzusidagi loyiha doirasida ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, “Umumta’lim maktablarida og‘zaki nutqni o‘stirishning interfaol usullarini ishlab chiqish”, “Umumta’lim maktablarida ingliz tili o‘qitilishini sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarish” loyihalari bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Ta’limni, o‘qitish metodikasini amaliyot bilan integratsiyasi doirasida Asaka tumanidagi 43-, Oltinko‘l tumanidagi 30-, 32-umumta’lim maktablari, Andijon shahridagi 35- davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarini mamlakatimiz hamda chet el ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalari asosida yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ana shu ishlar natijalari asosida o‘qituvchilarning o‘quv-uslubiy ishlarini yuritishi, ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Malakali, yuqori salohiyatli mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, iqtidorli talabalar bilan ishlash borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Ayni kunda universitetimizda 50 dan ortiq fan, ilmiy, ijodiy va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularga mingdan ziyod talabalar jalb etilgan. Iqtidorli talabalar bilan olib borilayotgan ishlar natijasida 2020-2021 yillarda ko‘plab talabalarimiz kimyo, musiqa nazariyasi va tahlili, musiqa tarixi, nemis tili, o‘zbek tili, rus tili, geografiya, matematika fanlari bo‘yicha respublika va xalqaro fan olimpiadalari, san’at tanlovlari, sport musobaqalarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bundan tashqari, o‘nlab iqtidorli talabalarimiz Navoiy, Mirzo Ulug‘bek nomidagi hamda Prezident davlat stipendiyalari, shuningdek, “Viloyat hokimi stipendiya”si sovrindori bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, ayni kunda universitetimiz ilmiy salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk, davr talabiga javob bera oladigan malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha zarur barcha ishlar olib borilmoqda.
Akramjon Yuldashev,
Andijon davlat universiteti rektori
O‘zA