Universal ensiklopediya – davlat pasporti
“Sendan kimligingni soʻrashsa, barcha maʼlumotlaring yozilgan pasportingni koʻrsatishing mumkin.
Fikr
“Sendan kimligingni soʻrashsa, barcha maʼlumotlaring yozilgan pasportingni koʻrsatishing mumkin. Agar xalqdan kimligini soʻrashsa, u shunday hujjat oʻrniga oʻzining olimini, shoirini, rassomini, bastakorini, siyosiy arbobini, sarkardasini koʻrsatadi”. Bu iqtibos taniqli avar shoiri Rasul Hamzatovning mashhur “Mening Dogʻistonim” kitobidan olindi.
Xalqning olimlari, shoirlari, rassomlari, bastakorlari, siyosiy arboblari, sarkardalari haqidagi mufassal maʼlumotlar esa, uning ilm-maʼrifati koʻzgusi boʻlgan universal ensiklopediyasidan munosib oʻrin egallaydi. Shuning uchun universal ensiklopediya – davlatning pasporti, deyiladi.
Dunyoda rivojlangan davlatlar koʻp. Lekin ularning hammasi ham oʻzlarining universal ensiklopediyasini nashr ettira olgan emas. Agar chiqargan boʻlsa ham shu soha bilimdonlari nazariga tushmagan. Bilimdonlar AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya kabi bir qancha davlatlarning universal ensiklopediyalarini eʼtirof etishadi. Shunday yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan universal ensiklopediyalar qatorida 2000–2006-yillarda chiqqan 12 jildli “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” borligi bizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.
Bu muvaffaqiyat omillarini anglash uchun yarim asr ortga qaytamiz. 1968-yilda Toshkentda universal ensiklopediya nashr etish uchun nashriyot tashkil etildi. Unga mashhur akademik Ibrohim Moʻminov bosh muharrir – rahbar etib tayinlandi. Ishning koʻzini biladigan rahbar shu sohada ishlay oladigan olim va noshirlarni jamoaga jalb qildi. Shu tariqa yurtimizda ensiklopediyachi noshirlar maktabiga asos solindi. Bu jamoa 12 yillik teran izlanish va mashaqqatli mehnatlari evaziga oʻzlariga yuklatilgan vazifani bajarib, 1971–1980-yillarda yurtimizdagi birinchi 14 jildlik universal ensiklopediyani nashr ettirdi. Albatta, sobiq mustabid tuzum mafkurasi asosida tayyorlangan bu ensiklopediya kamchiliklardan xoli emasdi. Ammo shuni alohida taʼkidlashimiz kerak, ensiklopediyani tayyorlash jarayonida yurtimizda ensiklopediyachi noshirlar maktabi paydo boʻldi.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 4-sentyabrda qabul qilgan “Oʻzbekiston Respublikasi qomusini nashr etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ensiklopediyachi noshirlar maktabida tajribasi oshgan jamoa sohalar boʻyicha soʻzliklar tuzishga kirishdi, mezonlarini ishlab chiqdi. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martda qabul qilgan qaroriga koʻra oʻsha jamoa negizida “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti tashkil etildi va uning zimmasiga 12 jildli milliy ensiklopediyani yaratish yuklandi. Bu masʼuliyatli vazifani ensiklopediyachi noshirlar jamoasi 2000–2006-yillar davomida sharaf bilan bajardi.
Odatda universal ensiklopediyalar har chorak asrda hayotdagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda toʻldirishlar bilan yangidan chop etiladi. Mustaqillik sharofati bilan yurtimizda “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida” qonun qabul qilindi va navqiron avlodimiz shu alifboda taʼlim olayotganiga chorak asr boʻlib qoldi. Shu bois biz navqiron avlodimiz davlat pasporti boʻlgan oʻzbek lotin alifbosidagi “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” nashr etilayotgani haqidagi xushxabarni kutayotgandik. Buning oʻrniga “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti yangidan tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston nashriyoti” Davlat korxonasiga qoʻshilishi haqidagi xabarni eshitdik...
Toʻgʻri, zamonaviy texnikalar rivojlangan hozirgi davrda bir kunda kitob chiqarish mumkin. Biroq, universal ensiklopediyani nashrga tayyorlash uchun bir oy ham, bir yil ham kamlik qiladi. Hozirgi kunda bilimdonlar tomonidan eʼtirof etilayotgan “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” 1-jildini nashr ettirish uchun ensiklopediyachi noshirlar maktabida shakllangan va tajribasini oshirgan muharrirlar ham toʻrt yil sarflashdi. Chunki universal ensiklopediyani tayyorlash mushkul va murakkab jarayon. Buning uchun oldin sohalar boʻyicha ensiklopediyachi noshirlarlardan iborat boʻlimlar shakllantiriladi, soʻngra sohalar boʻyicha soʻzliklar tuziladi, mezonlar ishlab chiqiladi, ilmiy maslahat kengashlari aʼzolari, ensiklopediya uslubiga mos tarzda aniq dalillar asosida muxtasar maqola yozadigan mualliflar, malakali taqrizchilar aniqlanadi, tayyor maqolalar bosh tahrir hayʼati aʼzolari nazaridan oʻtkaziladi, shundan keyingina nashrga tavsiya qilinadi.
Bundan oʻn olti yil oldin Ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti boshqa nashriyotga qoʻshilishi oqibatida necha yillar davomida shakllangan tibbiyotchi noshirlar maktabini yoʻqotgandik. Koronavirus pandemiyasi tufayli yurtimizda karantin eʼlon qilingan davrda shu nashriyot oʻrni juda-juda bilindi. Agar shu nashriyot boʻlganda edi, undagi tajribali tibbiyotchi noshirlar soha mutaxassislarini jalb etgan holda koronavirus kasalligi va undan saqlanish choralari toʻgʻrisida kitobcha tayyorlab, nashr ettirardi. Bunday zarur kitobcha tegishli tashkilotlar tomonidan har bir xonadonga yetkazib berilardi. Ishonchim komil, bu kitobchani, hatto maktabni tugatgandan keyin qoʻliga kitob ushlamagan kishilar ham karantin davrida oʻqib chiqardi va oʻzlari uchun kerakli tavsiyalarni bilib olardi.
Demak, har bir ezgu ishni oʻz vaqtida bajarish kerak. Hozir ensiklopediyachi noshirlar jamoasiga ega nashriyotimiz bor. Bundan tashqari keyingi yigirma yil ichida yurtimizda ham, jahonda ham katta oʻzgarishlar sodir boʻldi. Bunday oʻzgarishlarni faqat universal ensiklopediyagina qamrab olishi mumkin. Shunday ekan oʻzbek lotin alifbosidagi “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ni nashr ettirishga tayyorgarlik ishlarini tezroq boshlashimiz lozim. Yurtimizning navqiron avlodi ham kimligini soʻrashganda pasportini koʻrsatib gʻururlanganday, xalqimiz haqida soʻrashganda mustaqil davlatimiz pasportini – oʻzbek lotin alifbosidagi “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ni koʻrsatib faxrlanishsin.
Asror MOʻMIN,
Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan jurnalist.