Umumta’lim maktablardagi eng faol targ‘ibotchilar
Buxoroda “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov Xalq ta’limi vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
– Tanlovning maqsadi ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirishdan iborat, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva.

–Shuningdek, oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilishdir. Faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilgan umumta’lim maktablarining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari ish tajribasini keng ommalashtirish hamda ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishdir.

Tanlovning viloyat bosqichida ishtirokchilarning bilim, malaka va ko‘nikmalari ijodiy ishlari va suhbat orqali baholandi. Birinchi o‘rinni Vobkent tumani vakili Suxrob Hamroyev, olotlik shoir Abdunabi Hamroyev qo‘lga kiritdi. Ular tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni G‘ijduvon tumanidan Gavhar Xolmurodova va Shofirkon tumanidan Omondulla Abdullayev, uchinchi o‘rinni Kogon tumanidan Zilola Qanoatova, Buxoro tumanidan Mavluda Ergashevalar egalladi.

Zarif Komilov, O‘zA