Umrni uzaytirish qiyin emas!
Har kungi sayr inson hayotini uzaytirishning eng oson yo‘li, deb xabar qiladi “Express” nashri yapon olimlari tadqiqoti natijasiga tayanib.
Mutaxassislar 13 yil davomida yoshi 40 dan 79 gacha bo‘lgan 27 mingdan ortiq ko‘ngillilarni kuzatib borishdi. Ma’lum bo‘ldiki, kuniga bir soat piyoda sayr qilganlarning bari jismoniy faol bo‘lmaganlarga qaraganda uzoq umr ko‘rgan. Qolaversa, sayr qilganlar shifokorlar xizmati uchun ham kam pul sarflagan.
"Odamlar, ayniqsa erkaklarni sayr qilishga rag‘batlantirish ular hayotini uzaytirishning eng oson va arzon yo‘li hisoblanadi. Qolaversa, buning natijasida tibbiy xizmat uchun sarflanadigan xarajat ham kamayadi", deyiladi izlanish xulosasida.
Olimlar sayr yanada samarali bo‘lishi uchun jadalroq yurish, ya’ni bir daqiqada kamida 100 qadam bosish kerakligini tavsiya qilmoqda.