Umr shodasidan bir dona o‘tdi...
Inson hayotida o‘tayotgan kunning ahamiyati erishilgan yutuqlari bilan belgilansa, Vatan va xalq taqdirida yillar muhim rol o‘ynaydi.
Yilning oxirgi fasli intihosi yaqinlashib, o‘n ikki oy bamisoli saf tortgan askarlarday o‘tib, yoshimizga yosh qo‘shilishi ba’zan yuraklarni orziqtirsa, goho atrofga munosabatimiz ulg‘ayayotgani ko‘ngilga ham, o‘y-hayollarimizga ham biroz viqor, kattalarga xos mulohazakorlik bag‘ishlayotganini anglagandek bo‘lamiz.
Umrning yangi sahifasi ochilishiga yaqin qolganda, sarhisoblik hayol qatlarini har qayoqqa uchirib, olis-olis xotiralarni quvalab yetolmayotgan tuyg‘ular manzili tomon boshlaydi. Xalqimizda tugayotgan yilda o‘z faoliyatlarini tanqidiy va ijobiy naqtai-nazardan tahlil qilish, erishilgan muvaffaqiyatlar va kamchiliklarni o‘rganish, bu borada maqsadli rejalar tuzib, kelgusi yil uchun mustahkam poydevor tayyorlash yaxshi an’anaga aylangan.
Vaqt... Bu kichkinagina nomning hammani o‘ziga jalb qiladigan katta va ko‘p ma’nolardan iborat taraflari bor. Axir bobojonimning qo‘llariga asov tutgan, buvijonimning bellarini bukkan, ota-onamning tim qora sochlariga qirov qo‘ndirgan ham aslida shu vaqt emasmi?! Bizni gohida kuldirib shodlantirgan, ba’zida yuraklarga ayriliqlar solib kuydirgan ham vaqtning o‘ziku!
Vaqtning aytar so‘zini tushunishga idrokimiz ojizlik qilmasa edi, hayotda “armon” otliq tuyg‘u bo‘lmasdi, nazarimda. Hayotimizdagi hursandchilik kunlarimiz tez va sokin, qayg‘ulik kunlarimiz esa uzoq va og‘ir o‘tayotgandek go‘yo. Aslida, unday emas, insonga shunday tuyuladi, xolos.
Shoir aytganidek:
Baxtu saodatga to‘la oylarim,
Go‘yo davom etdi kundan ham qisqa.
Va lekin hijronga to‘la kunlarim,
Yillardek ko‘rindi mening ko‘zimga.
Ha, har bir kun o‘tadi, har bir soat nihoyasini topadi va har bir lahza ketguvchidir, uni ortga qaytarish yoki boshqasi bilan almashtirishning imkoni yo‘q. Ehtimol, mana shu kunlar bizga fursat g‘animat ekanini eslatmoqchi bo‘lar... Shunday ekan, Vaqtimiz qadrini to‘g‘ri tushunib, uning nuri bilan ish olib borishimiz eng to‘g‘ri tanlovdir.
Yakuniga yetayotgan 2024 – “Yoshlar va biznesni qo‘llab quvvatlash” yilida yurtimiz hayotida ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilib, xalqimiz yanada birlashdi, ahil hamjihat xalq ekanini jahon uzra yana bir bor namoyon etdi.
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Yurtimizda yoshlar qatlami bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, yuksak ishonch bilan mamlakatimizniig ertangi ravnaqini ta’minlovchi katta kuch sifatida qaralyapti. Zotan, botayotgan quyoshga qarab ertangi kun qanday bo‘lishini anglab bo‘lgani kabi, kelajak avlodlar qiyofasi ham bizda ko‘rinadi.
Kaykovusning “Qobusnoma” asarida barkamol shaxs kamoloti haqida to‘liq tushunchalar keltirib o‘tilgan. Dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi kuzatilayotgan hozirgi sharoitda tarbiya nasihatdan emas, namunadan iborat bo‘lishi zamirida ham, xalqimizning katta sabr-bardoshi, mehrga to‘la yuragi, issiq tafti, qaynoq qo‘llarining harorati sezilib turadi.
Garchi o‘zbek davlatchiligi yangi qiyofada namoyon bo‘lib ulgurgan bo‘lsa-da, yillar davomida orttirgan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab turibdi: Yurtboshimizning – O‘zbekistonni Yangi O‘zbekistonga aylantirish jarayonini, avvalo, xalq bilan bevosita “yaqin” holda ijtimoiy birlik muhitini yaratib, jamiyatni birlashtirishdek oqilona siyosatlari sabab millatimizga yangicha ko‘tarinkilik bag‘ishlash bilan bir qatorda, siyosiy hokimiyat legitimligiga putur yetishini ham oldi olindi.
Erishilgan marralarimizning omillari haqida gapirganda, mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida noreal raqamlar ortidan quvish, amalga oshmaydigan rejalarni haqiqat sifatida taqdim etishdek noma’qul ish uslubi tanqidiy ko‘rib chiqilib, amaliy natijadorlik, inson manfaati va yana bir bor inson manfaati islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi. O‘z-o‘zidan ayonki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – aholi bandligini ta’minlovchi, dolzarb ijtimoiy vazifalarni hal etishda muhim sohaga aylandi.
O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarishga intilishi, chegaralardagi qardosh xalqlarni bir-biridan ajratib turgan “yopiq parda”larning ko‘tarilishi islohotlarning amaliyot bilan jiddiy bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Avvalo ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo Respublikalari o‘rtasida tortilgan chegaralar o‘ta murakkab bo‘lib, bu omil qo‘shnilar bilan o‘zaro nosog‘lom muhit kelib chiqishi uchun nihoyatda xatarli “porox bochkasi” hisoblanar edi. Bir necha bor tashqi kuchlar mana shu omildan foydalanishga uringanlari esimizda. Davlat rahbarimizning dona tashabbuslari bilan bu masalaga yakuniy nuqta qo‘yildi. Qabul qilingan qat’iy qarorlar natijasida, Markaziy Osiyoda yangicha geosiyosiy iqlim yuzaga keldi, bu esa o‘z-o‘zidan jahon iqtisodiy integratsiyasiga yo‘l ochadigan mintaqaviy bozor shakllanishidan darak beradi.
Gap shundaki, O‘zbekiston boshlagan iqtisodiy islohotlar bugun barcha yetakchi davlatlar biz bilan do‘stlashishni, xorijiy investorlar uchun ulkan geografiya, iqtisodiy salohiyat, barqaror taraqqiyotga ega O‘zbekistonga ulkan sarmoyalarini jalb etishga tayyorligini ifoda etishmoqda.
Yildan-yilga e’tibor nihoyatda yuksalib borayotgan biznes sohasiga nazar solsak, “siyosat bilan shug‘ullangan siyosiy lider o‘zini, iqtisod bilan shug‘ullangan siyosiy lider mamlakatini dunyolarga mashhur qilar ekan”, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Buning negizida millat yetakchisidan misli ko‘rilmagan jasorat, g‘ayrat-shijoat, katta tajriba va keskinlik bilan amalga oshirilgan taraqqiyotning yangi strategiyasi doirasidagi islohotlar turadi.
Vatanimiz, xalqimiz, muqaddas tuprog‘imiz gullab-yashnashini o‘ziga xos jihatlaridan biri, buyuk qadriyatlarimiz bilan bog‘liq. Shu o‘rinda, qudratli bobokalonimiz Amir Temurning munosib izdoshlari bo‘lgan “Yaxshilar yaratgan bog‘ – O‘zbekiston” taraqqiyoti uchun xolis xizmat qilgan Sharof Rashidov, mustaqilligimiz tamal toshini qo‘ygan Islom Karimovning shonli an’analarini, bugungi kunda nufuzi qariyb 40 million xalqimiz bilan birga buyuk o‘tmishdan – buyuk kelajak sari ishonch bilan borayotgan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Bugungi kunda O‘zbekistonni katta qurilish maydoniga qiyoslay olamiz, bu nafaqat, qurilish sohasiga, hech mubolag‘asiz barcha sohalarga tegishli. Bo‘layotgan o‘zgarishlar, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar kelgusida qudratli to‘lqinga aylanib, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyorimizda mehnatimiz zahmati tufayli ertamiz bugungidan yaxshi va nurafshon, ongu tafakkurimizni yuksaltirishga olib kelishidan darak beradi.
Inson hayotda qoqinib-surinib, toyib-tayrilib o‘zi uchun haq yo‘lni, jamiyatda o‘rnini topadi. Har birimizning bosib o‘tgan serqirra hayot yo‘limiz katta bir kitob, uni shunchaki varaqlab bo‘lmaydi. Har sahifa, har qatorga e’tibor berilsa, mislsiz ma’nolar topish mumkin. Unga qanday so‘z aytsangiz, aks-sado bo‘lib o‘zingizga qaytadi. Ba’zan chuqur xo‘rsiniq ila “Hayot ekan-da”, deymiz. Aslida shu so‘z bilan mahzun kunlarga yo‘l ochamiz. Tashvishlarimizga ko‘milib ketgan chog‘imiz, hayotni xuddi darvish ortqilagan og‘ir qopga o‘xshatamiz. Qop og‘ir, ammo boyligi borligi bois undan voz kechib ketolmaydi...
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, hayot hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi. Demak, zamon bilan hamnafas ravishda bizda hali ishga solinmagan juda katta salohiyat va imkoniyatlar mavjud deb bilib, doimiy izlanish, qo‘yilgan maqsaddan ortga tisarilmaslik, qiyinchiliklargina odamzotning do‘sti ekani, mashaqqatgina insonni toblashi, aqlli qilishi mumkinligi, har qanday sharoitda ham yashash yo‘siniga ega bo‘lib, hayotga ishonch bilan pozitiv qarash bilan yashashimiz talab etiladi.
Davlatimiz rahbari kelgusi yilni yurtimizda “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish takliflarida xalqimizning taqdiri uyg‘un yotganligini ko‘rishimiz mumkin. “Tabiatni asrash – insonni asrash” degan fikrda chuqur ma’no mujassam. Bir so‘z bilan aytganda, odamlar tilidagi, dilidagi tashvishini o‘z dardi deb bilish, xalqimizning olib borilayotgan odilona islohotlar jarayonida faol ishtirok etish istagi kuchayib, ma’naviyati, mafkurasi, Vatanga bo‘lgan muhabbatlari yuksalmoqda. Bu shubhasiz, davlatchilik markazida inson qadr-qimmati barcha narsadan ustuvor ekanligidan dalolat.
Asosiy qonunimiz ham aynan inson omilidan kuch olib, demokratiya, ochiqlik va adolat prinsiplari asosida tirik organizm kabi xalq hayotining ajralmas bo‘lagiga aylandi.
Iqlimi mo‘’tadil ona yurtimizning har bir qarich yeri aziz va ko‘zga to‘tiyo, yashab turgan hududimizni, yer va suv resurslarini asrashimiz, keyingi avlod ham munosib tabiiy muhitda yashashlari bugun biz tabiatga mehr va e’tiborli bo‘lishimizga bog‘liq. Mamlakatimizda atrofga fayz berib turgan manzarali daraxtlar yashillikka burkangan yangi yashil hududlar barpo etilishiga turtki berishi bilan birga, ekologik barqarorlikka erishish va resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhit muhofazasi, balki, iqtisodiy o‘sish hamda ijtimoiy taraqqiyot uchun ham mustahkam poydevor yaratadi.
Har bir mamlakat taraqqiyotining o‘z yo‘li va yo‘nalishi bor. Bu borada, yurtimizda birgina iqtisodiy islohotlar istiqboliga nazar tashlansa, O‘zbekiston nafaqat o‘zini, balki butun mintaqaning iqtisodiy markaziga aylanish yo‘lidan bormoqda. Xorij tajribasi bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, Yevropa iqtisodiyotida generator vazifasini Germaniya, Sharqiy Osiyoda esa Yaponiya, Markaziy Osiyoda shu missiya O‘zbekiston zimmasida.
Demak, O‘zbekiston Markaziy Osiyoni birlashtirish imkoniyatga ega mintaqa yadrosini tashkil etgan mamlakat hisoblanadi.
Yuqori demografiya, taraqqiy topgan infratuzilma, ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatli yirik geosiyosiy kuchlardan “bufer” davlatlar bilan himoyalangan, uzoqni ko‘radigan siyosiy lider boshchiligida iqtisodiy jozibadorlikni o‘zida namoyon etgan aniq yo‘ldan bormoqda.
Inson ulg‘aygan sari ma’nan pokizalikka ko‘proq ehtiyoj sezishi tabiiy holdir. Mansab, martaba, mashhurlik, sohta obro‘ ortidan quvish va shu kabi ustunliklarga erishishga moyillik o‘rnini asta-sekin muloyimlik, yaxshilik, to‘g‘rilik va halollik egallay boshlaydi.
Mana, umrimiz kitobining yana bir sahifasi o‘qildi, go‘yo. Vaqt qushdek, hayot tushdek qanchalik tez o‘tmasin, eski va yangi yil orasi uzoqdek tuyulaveradi. Chunki, u mening, sizning, bizning bolaligimizga o‘xshaydi-da. Kecha qahraton qishning izg‘irinini pisand etmay, sovuq kunlarning qaynoq mehriga tashna bola edik, bugun hammamiz allaqachon hayot hukmiga bosh eggan insonlarmiz.
Musaffo osmonimizdan qo‘llarimizga uchib tushgan oppoq qor parchalari bilan hayolan yurak sirlarimizni ochib dillashsak-da, u esa beqaror, ko‘nglimizni jimgina tinglaydi-da, kaftimizda asta erib ketadi.
Yangi 2025 yilni kutib oldik. Erishilgan ulug‘vor natijalar davomiyligini yangi yilda ham yagona xalq, yagona millat bo‘lib, bor bilim va aql-zakovatimiz bilan bir safda – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qatorida bo‘laylik.
Umrimizning yangi sahifalari yutuqlarga boy bo‘lsin!
Madina Zufarova,
“RENESSANS” ta’lim universiteti talabasi