Ulug‘bek rasadxonasi yoyini tiklasa bo‘ladimi?
Amir Temur tavalludining 690 yilligi oldidan
XIV–XV asrlarda Markaziy Osiyoda, Amir Temur barpo etgan ulkan davlatda madaniy, iqtisodiy va ijtimoiy hayot, ilm-fan, me’morchilik, adabiyot hamda san’at jadal taraqqiy etgani tarixdan ma’lum. Bu yuksalishlar majmui jamiyat taraqqiyotida Temuriylar renessansi sifatida e’tirof etiladi. Uning eng yorqin namoyandalaridan biri Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek edi.
Ulug‘bekning boy ilmiy merosi uzoq yillar davomida izchil o‘rganilib kelinmoqda va bu jarayon hali davom etmoqda. Ayniqsa, XX asr va XXI asr boshlarida bu borada muhim natijalarga erishildi: Ulug‘bek shaxsi jahon miqyosida keng targ‘ib etildi, tarix fanlari doktori, professor Ashraf Ahmedov tomonidan Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ilmiy tadqiq etildi hamda o‘zbek, rus, ingliz va xitoy tillarida nashr qilindi.
Shu bilan birga, Ulug‘bek rasadxonasi va undagi astronomik jihozlarni to‘liq o‘rganish masalasi hali ham dolzarbligicha qolmoqda.

Falakiyot ilmi tarixida Mirzo Ulug‘bekning Samarqand rasadxonasi Yevropa Renessansi davriga qadar dunyodagi eng mukammal davlat rasadxonalaridan biri hisoblangan.
Bugungi kunda Samarqandda “Ulug‘bek rasadxonasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan yodgorlik aslida to‘liq rasadxona binosi emas. U Mirzo Ulug‘bek tomonidan yaratilgan asosiy astronomik qurilma – binoga uyg‘unlashgan ulkan devoriy kvadrant (qo‘shyoyli kvadrant) hisoblanadi.
Ma’lumki, Ulug‘bek 1420-1424-yillarda bunyod qilingan rasadxonada 30 yillik astronomik kuzatishlar tugashi bilan favqulodda vafot etadi. Uning shoh asari “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” mukammal tugallanmay qoladi. Shunda Ulug‘bekning shogirdi, “farzandi arjumandi” Ali Qushchi ustozi ishini davom ettirishga qaror qiladi va 20 yil davomida rasadxonada mehnat qilib, “zij”ni mukammal tugatadi va uni olib Turkiyaga safar qiladi. XVII asrda ingliz olimi Jog Grivs (1602 – 1652) Turkiyaga safari chog‘ida Ali Qushchi Turkiyaga olib kelgan “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” asari bir nucxasini qo‘lga kiritadi. 1648-yilda Samarqanddagi mashhur Ulug‘bek rasadxonasida bajarilgan asosiy ishlarning kichik bir qismi birinchi marta Oksfordda nashr etildi. Asarni Oksford universiteti kafedra professori Jon Grivs sharhlab, nashrga tayyorladi. Bu davrda Yevropada Samarqand rasadxonasi haqida ma’lumotlar kam bo‘lib, Ulug‘bek rasadxonasiga qiziqish uyg‘ondi. Arxeolog V.Vyatkin 1908-1909-yillarda ko‘p urinishlardan so‘ng Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abu Tohirxoja (vafoti 1874 y.)ning “Samariya” asarlari va XVII asrga oid vaqf hujjatlari asosida Ulug‘bekning Samarqanddagi rasadxonasini topadi. Bu manbalarda Ulug‘bek rasadxonasi (Tallirasad) – rasadxona tepaligi Obirahmat arig‘i yaqinidagi “Naqshi Jahon” degan manzilda joylashganligi yozilgan va shu ma’lumotlarga asosan qazish jarayonida, chuqurligi 11 metr, kengligi 2,5 metr bo‘lgan xandaqda, Ulug‘bek ixtirosi, rasadxonaning bosh asbobi, jihoz-bino qo‘shyoyli devoriy kvadrantning bir qismi aniqlandi. Shundan boshlab mazkur jihozning qiyofasi qandayligi kun tartibida dolzarb muammoga aylandi. Jumladan, kvadrant yoyi. 1980-yilda sobiq ittifoqning “Zemlya i selennaya” jurnali 5-sonida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Respublika astronomiya institutining direktori V.eglovning “Ulug‘bek kvadranti plitalarini izlaymiz?” nomli maqolasi e’lon qilindi. Maqolada qayd qilinishicha, arxeologik qazishmalarda topilgan jihozning yoyi bir-biriga zich jipslashtirilgan kulrang marmar plitalardan tashkil topgan. Ularning bir tomoni aylana yuzasi bo‘ylab silliqlangan, kengligi 29 sm, qalinligi 10 dan 20 sm gacha bo‘lib, har bir plitaning vazni qariyb 100 kiloni tashkil etadi. Kvadrant yoyning yarmi (45° gacha) yer ostida joylashgan, qolgan qismi esa yer sathidan 29 metrgacha balandlikka ko‘tarilgan. Afsuski, asbobning yer ostidagi yoyining faqat 57° dan 90° gacha bo‘lgan qismi saqlanib qolgan. Bundan tashqari, yoyning yer usti qismiga tegishli 19°, 20° va 21° li ikkita plita hamda sharqiy yoyning 1° ga mos keluvchi so‘nggi yuqori plitasining cheti topilgan. Restavratsiya jarayonida bu plita jihozning sharqiy yoyiga yo‘nalishi 180° ga farq qilgan holda xato o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi.
Bugungi kunga kelib, asbobning 57° dan 90° gacha va 19° dan 21° gacha bo‘lgan ikki yoyini qamrab oluvchi jami 60 ta plita saqlanib qolgan. Asbob yoyining 1° dan 18° gacha hamda 22° dan 56° gacha bo‘lgan qismlariga tegishli plitalar topilmagan. Plitaning o‘rtacha uzunligi 80 sm ekanligini hisobga olinsa, bedarak ketgan plitalar soni 100 ga yaqin bo‘lishi kerak, ya’ni bu saqlanib qolganlaridan deyarli ikki baravar ko‘pdir.
Rasadxona vayron qilinganidan beri o‘tgan vaqt mobaynida ulkan marmar plitalar butkul yo‘q bo‘lib ketishi mumkin emas. Xo‘sh, ular qayerda? Katta ehtimol bilan uzunligi bir metrga yaqin bo‘lgan, silliqlangan yuzasida o‘ziga xos ariqchalari bor ushbu marmar monolitlar Samarqand shahri yoki unga yaqin bo‘lgan qishloqlarda bo‘lishi mumkin. Yo‘qolgan yuzta plitadan, hatto, ikki-uchtasining topilishi ham fan uchun ulkan ahamiyatga ega. Lekin murojaatlarimizdan o‘tgan davr davomida muammo o‘z yechimiga ega bo‘lmadi.
Inson boumid…
Mutribiy Samarqandiyning “Nusxayi zeboiy Jahongir” tazkirasi qo‘lyozmasining Angliyada saqlanayotgan nusxasi mikrofilmi professor Ashraf Ahmedov tomonidan yurtimizga olib kelindi. Ushbu manba keyinchalik olim Ismoil Bekjonov tomonidan o‘rganilib, Eronda fors tilida nashr etildi.
Mazkur manba asosida Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining so‘nggi taqdiriga ham muayyan aniqlik kiritildi. Bu haqda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1996-yil 5-aprel sonida chop etilgan “Ulug‘bek rasadxonasining biz bilmagan tarixi” hamda 2006-yil 13-sonidagi “Ulug‘bek rasadxonasini kim buzdirgan?” nomli maqolalarda batafsil so‘z yuritilgan.
Qayd etilishicha, Ali Qushchi Turkiyaga ketgach, Mirzo Ulug‘bek barpo etgan astronomik majmua qariyb yuz yil davomida qarovsiz holda qolib, asta-sekin vayronaga aylangan.
1580-1592-yillarda (1424 – 1580/1593 = 156 / 168) Samarqand hokimi Hojibiy Otoliq Do‘rmon ul o‘xshashi yo‘q latif imoratni buzib tashlab, g‘isht va boshqa qurilish anjomlarini Shodmulk Oqo ( XIV asrning ikkinchi yarmi – XV asr boshlarida yashagan) ko‘prigini ta’mirlashga ishlattirdi. Shodmulk Oqo Ko‘hak suvi (daryosi) ustiga qurdirgan ko‘prik, Sulton Sa’id (1551, 1557 — 1572-yillari Samarqandda xonlik qilgan) zamonida o‘tish joyi bo‘lgan toqining o‘rtasidan ancha joyi o‘pirilib tushgan va har ikki tomonidan bir qarich miqdorda saqlanib qolgan. Hojibiy Otoliq Do‘rmon (mazkur rasadxona g‘ishtlaridan) bu buzilgan toq yoniga yana bir toq qurdirdi. Lekin biroz vaqtdan so‘ng suv toshqini ro‘y berib, uni tag-tugi bilan qo‘porib tashladi. Rasadxona xarobasi vaqt o‘tishi bilan tuproq ostida ko‘milib ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
O‘tgan davr davomida Samarqandda takror va takror bo‘lgan paytlarimizda, olim va mutaxassislar bilan muloqot qilinganida yuqorida qayd qilingan Ko‘hak daryosida bunyod bo‘lgan Shodmulk Oqo ko‘prik joyini aniqlab bo‘lmadi.
Xalq xotirasi kuchli! Balki bizning yozganlarimizni o‘qiganlar va bu haqdagi ma’lumotlardan baxobar bo‘lgan samarqandliklar yoki boshqa yurtdoshlarimiz bu to‘g‘risida xabar bersalar, ayni muddao bo‘lardi.
Saidbahrom Azizov,
O‘zFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi, astronom.
O‘zA