Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon
10 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun. Sana munosabati bilan Buxoro shahridagi «Abu Xafs Kabir» ziyoratgohida mangu qo‘nib topgan inson, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasini bastalagan buyuk kompozitor Mutavvakil Burxonov poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati va shahar bo‘limi, oliy ta’lim muassasalari, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari, maktab o‘quvchilari qatnashdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi mustaqillikka e’tiqodni targ‘ib qiladi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva. – Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, tashabbuskorlik va kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi. Madhiyamiz bayramlar, siyosiy chiqishlar, sport anjumanlari, rasmiy davlat qabullari, ahamiyatli mitinglar, turli davlat boshliqlarini kutib olish va kuzatish marosimlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlat suverenitetiga e’tiqod va hurmatni rasmiy musiqa hamda matn bilan ifoda etadi.
1992 yil 10 dekabr tariximizga mustaqilligimizni mustahkamlash davrining muhim voqeligi sodir bo‘lgan kun sifatida kirdi. Ushbu sanada O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining huquqiy maqomini belgilovchi qonun qabul qilindi. Madhiyamiz mamlakat mustaqilligi, xalq ozodligi davlatning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yo‘lida fidokorona mehnat, bunyodkorlik va tadbirkorlikka ruh bag‘ishlashga xizmat qiladigan istiqlol ramzidir. Yurtimiz vakillari ishtirok etadigan xalqaro miqyosdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalarida mazkur shukuhli tarona jaranglaganda qalblarimiz faxru iftixorga to‘ladi.

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini mujassam etgan madhiyamiz bugun ta’lim maskanlarida yosh avlodning Vatanga muhabbat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Endi harf taniy boshlagan jajji farzandlarimiz millatimizning bosh qo‘shig‘ini kuylay boshlaganida sevinchdan hayajonga tushamiz. Bunday lahzalarda xalq va Vatan ulug‘langan qo‘shiq insonlar qalbiga yuksak va beg‘ubor tuyg‘ularni jo etishga, bu yorug‘ olamni yanada munavvar ko‘rsatadigan ilohiy mo‘’jiza ekanligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Yurtning eng ulug‘ qo‘shig‘ini e’zozlash, yod olish va baralla kuylash har bir yurtdoshimizning burchidir.
Shu kuni viloyatning barcha korxona, tashkilot va muassasalarida sana munosabati bilan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Zarif Komilov, O‘zA